Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Burak O‘zchivit va Nurgul Yashilchay turk aktyorlariga qarshi: Toshkentdagi festivalda mojaro yuzaga keldi

Burak O‘zchivit va Nurgul Yashilchay turk aktyorlariga qarshi: Toshkentdagi festivalda mojaro yuzaga keldi

Foto: Facebook.

Xabaringiz bor, Toshkent shahrida shu kunlarda Xalqaro film festivali o‘tkazilmoqda. Kuni kecha festival doirasida turk kinosi kechasi ham bo‘lib o‘tgan. 

Ammo kechada turk aktyorlari ishtirokida sodir bo‘lgan voqea butun o‘zbek tilli segmentda katta aks-sado keltirib chiqardi. 

Jurnalist Shoira Raufboyeva yozadi: «Hozirgina hayotiy saboqning eng kattasi ro‘y berdi. Yana qayerda deng? Turk kinosi kunlari o‘tayotgan Forumlar saroyi sahnasida! Yuzlab o‘zbek muxlislari ko‘z o‘ngida! Bizning «yulduzlar»ning ham ba’zilari zalda edi, zora ular uchun ham saboq bo‘lsa.

Xullas, birinchi suratda ko‘rib turganingizdek, Turkiyadan tashrif buyurgan 9 ta aktyor sahnaga chiqib, hurmat saqlab tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lishdi. Lekin o‘zbek «burakshunoslari» va Yashilchoy muxlislari tadbirni yarmini ularni kutib, ko‘chada o‘tkazishganiga qaramasdan va sahnada boshlovchilar ikki qayta tantana bilan e’lon qilishsada, bu ikkisi chiqmadi. Va nihoyat Nurgul Yashilchoy sahnani bir burchagidan chiqib, o‘sha yerda qotdi. Hamyurt hamkasblariga bir qur nazar tashladiyu, ikki qo‘lini ikki cho‘ntagiga solib, g‘oz turib oldi. Uzatilgan mikrofonni ham qo‘liga olishni ep ko‘rmay, boshlovchining qo‘lidagi mikrofonga egilib, salom, yaxshimisizlar» — dediyu, boshqa aktyorlar yoniga borib o‘tirmasdan, sahna ortiga o‘tib ketdi.

Oybek Veysal o‘g‘li to‘qqizta aktyor bilan birma-bir samimiy suhbat qildilar, lekin Yashilchoy qaytmadi. Burakku umuman ko‘rinmadi. Ko‘nglimning bir chekkasidan «u shunchalik mashhurmikan, to‘qqizta hamkasbini mensimadiya» — degan fikr yilt etib o‘tdi. Bunday o‘ylagan bir men emas ekanligim keyinroq ma’lum bo‘ldi. Sahnadagilarni sovg‘a-salomlar bilan o‘rinlariga kuzatib qo‘yishgachgina Nurgul sahnaga chiqib keldi va uning boshiga boshlovchining boshidagi tojini kiydirib, endi shou boshlanayotgan edi, 58 yildan beri kino san’atiga halol xizmat qilib, sochi oqargan, o‘zining ta’biricha «podshodan qulgacha» barcha rollarni o‘ynagan Sardor Gyokxan sahnaga otilib chiqdiyu, mikrofonni olib «tomoshamizni buzdi deb mendan xafa bo‘lmanglar. Ming afsus, mana bu oyog‘i yerdan uzilgan ikki hamkasbimiz sahnada biz bilan birga o‘tirishdan or qildi, aslida ular bizning safimizda bo‘lishga noloyiq. Siz odamning qiyofasiga qarab baho bermang, uning kimligini hatti-harakatlari bildirib turadi. Biz ortiq bu ikkisining axmoqona tomoshasini ko‘rib, haqoratni jimgina yutib keta olmaymiz. Biz bu yerni hoziroq tark etamiz» — dediyu, to‘qqiz turk ijodkor zalni tark etdi.

Ularning ortidan elchixona vakillari ham chiqib ketishdi va shu bilan bugungi tadbirning fayzini ham olib ketishdi. Yashilchoy ham ortiq zalda qola olmadi».

Ushbu mavzu ostiga ko‘plab o‘zbek internet foydalanuvchilari norozilik fikrlarini bildirshgan. Jumladan ular Burak O‘zchivit va Nurgul Yashilchay qaysi mablag‘lar evaziga Toshkentga kelishganini ochiqlash masalasini qo‘yishgan. Shuningdek, tashkilotchilik masalasidan norozilar ham anchaginanini tashkil qiladi. 

«Menimcha, Toshkent kinofestivalida Nurgul Yashilchoy va Burak O‘zchvit sabab yuzaga kelgan mojaroga tashkilotchilar aybdor.

Yashilchoyga toj kiydirishga balo bormi? Ahmoqlikning chegarasi yo‘q deyisharmidi. Shou shoudek bo‘lishi kerakmasmi? Tashkilotchilar nima qilishdi? Shaxsga sig‘inishvordi. E’lon qilishga ham e’tibor qiling», deya yozadi foydalanuvchi Baxtiyor Mirzo. 

«Falon pul berib turk aktyorlarini chaqir, ular esa birovning bayramini rasvo qilishsin. Gonorarni jarimalari bilan qaytarishsin, ma’naviy zararlari bilan. Shuncha tomoshabin bir tiyinmi?», deya yozdi bloger Shahnoza Soatova. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring