Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tasviriy san’at galereyasidagi press-tur: sara asarlar jamlangan maskan bilan tanishuv (video)

Tasviriy san’at galereyasidagi press-tur: sara asarlar jamlangan maskan bilan tanishuv (video)

Yurtimizning barcha maskanlari qatorida Toshkent shahri ham mamlakatimiz chiroyidan bahramand bo‘lish istagida tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun o‘ziga xos boy tarixiy meros, muhtasham obidalar, zamonaviy arxitekturaning o‘iga hos yechimlarini o‘zida aks etgan binolar, muxtasar aytganda boy tarixiy meros jamlangan manzil hisoblanadi.

O‘zbekiston Tasviriy san’at Galereyasi tomonidan tashkil etilgan press-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mazkur Galereyani kelgusida turizm uchun muhim madaniy lokatsiyaga aylantirishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi qoshidagi turizmni rivojlantirish instituti vakillari, turistik agentliklar gidlari hamda OAV ishtirokida o‘tkazilgan press-tur davomida, Galereyaning faoliyati, bugungi kunda ushbu maskanda tashkil etilgan ko‘rgazmalardan o‘rin olgan san’at asarlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbek xalqining boy badiiy merosini saqlash, tasviriy san’at asarlarini to‘plash va yutuqlarini targ‘ib qilishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy muassasa keng jamoatchilikni mamlakatimiz va xorijiy mamlakatlarning boy badiiy madaniyati bilan tanishtirib keladi. Galereya binosi barcha zamonaviy dunyo muzeylari tajribasi talablariga javob beruvchi va Markaziy Osiyo xududida o‘xshashi yo‘q noyob ob’yektlardan hisoblanadi.

Press-tur davomida ishtirokchilar muassasa faoliyati va O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ochilgan «O‘zmilliybank» AJ to‘plamidan asarlar ko‘rgazmasining bir qismi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining akademigi Marina Borodinaning Litosferalar» ko‘rgazmasi, «Ipak yo‘li. Italiya zamonaviy san’ati va rassomlari» zamonaviy san’at ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

«O‘zmilliybank» AJ ekspozitsiyasida zamonaviy o‘zbek rassomlari va haykaltarosh ijodkorlari tomonidan yaratilgan sara asarlar ko‘rgazmasining bir qismi namoyish etilgan.

Asarlari namoyishga qo‘yilgan Marina Borodina O‘zbekistondagi serqirra haykaltaroshlardan biridir. U kuchli, faol, o‘ziga xos fikrlash qobiliyatiga ega. U aniq mezon, qoliplarga bog‘lanib qolmaydi, aksincha badiiy tendensiyalarni shakllanishiga, san’at oqimiga ta’sir etuvchi va ibrat bo‘luvchi ijodkordir. 2005 yildan hozirgi kunga qadar – Toshkent arxitektura-qurilish institutining «Arxitektura muhitini loyihalash» kafedrasi o‘qituvchisi, yoshlar ko‘rgazmalari tashkilotchisi, respublika va xalqaro arxitektura loyihalari tanlovlarining laureati.

1992 yildan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, ko‘plab respublika va xalqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi.

«Ipak yo‘li. Italiya zamonaviy san’ati va rassomlari» zamonaviy san’at ko‘rgazmasi Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik Vazirligi, Garutsso tasviriy san’at instituti (IGAV) va O‘zbekiston tasviriy san’at Galereyasi bilan hamkorligidagi loyihasi bo‘lib, u eng yirik ko‘rgazma hisoblanadi. Press-tur ishtirokchilariga ayni ko‘rgazma xususida ham ko‘plab ma’lumotlar berildi.

Mazkur ko‘rgazma hayot mohiyatini anglashga bag‘ishlangan va u yaqin tarixdagi ital’yancha badiiy g‘oyalarni o‘zida ifodalaydi. U o‘ttiz sakkizta yuqori darajadagi san’at asarlaridan tashkil topgan va ulardan sakkiztasi Farnezina kolleksiyasiga tegishlidir. Asarlar Rimdagi Tashqi ishlar Vazirligida namoyish etilgan. Ko‘rgazma Ipak yo‘lining qadimiy karvon yo‘llarini mukammal tarzda takrorlaydi, u Kiyev, Anqara, Tbilisi va Toshkentdan o‘tib, Xitoy mamlakatining Pekin, Chunsin, Sian manzillariga yetib borgunga qadar o‘z yo‘lini davom etadi va bu yo‘nalish 2022 yilda Xitoyda «Italiya-Xitoy madaniyati va turizmi» yili doirasidagi bayramona tadbiri bilan yakunlanadi. Sayohat o‘ttiz ming kilometrlik masofani o‘z ichiga olib, xuddi o‘tmishdagidek Sharq va G‘arb mamlakatlarni o‘zaro bog‘laydi, shu bilan birga o‘sha buyuk yo‘lni eng yuksak natijalar va muvaffaqiyat bilan qayta tiklaydi.

Ko‘rgazma Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi muttasil rivojlanib borayotgan aloqalarning namoyishidir.

Pandemiya sababli san’atning tarqalishi biroz murakkablashdi. Faqat virtual tarzda o‘rganish mumkin bo‘lib qoldi. Ana shunday vaziyatda asarlar olib kelinib, namoyish etilishi san’at ixlosmandlari uchun muhimdir.

Press-tur davomida Tasviriy san’at galereyasida namoyish etilayotgan barcha asarlar haqida to‘liq ma’lumot berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring