Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli shoir va dramaturg vafot etdi

Taniqli shoir va dramaturg vafot etdi

Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir va dramaturg, «Do‘stlik» ordeni sohibi Haydar Muhammad vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi. 

Haydar Muhammad 1936-yili Toshkentda tavallud topgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining kechki filologiya bo‘limini tugatgan (1966). O‘zbekiston teleradiosida muharrir (1965-1976), Madaniyat ishlari vazirligida mas’ul vazifalarni (1976-1980) bajargan. Ko‘p yillar Hamza nomli Akademik drama teatrida adabiy emakdosh vazifasida xizmat qilgan.

Uning birinchi she’riy to‘plami «Ko‘nglim mening» nomi bilan 1975-yilda nashr bo‘lgan. Shundan so‘ng «Olchamning tug‘ilgan kuni» (1978), «Yo‘llaringga mushtoqman» (1979), «Ipak gilamlar» (1990), «Hazilkash shoh» (Saylanma, 1994) kabi she’riy va dramatik asarlari, to‘plamlari chop etilgan.

Haydar Muhammad musiqa janrining juda ko‘p turlari uchun she’rlar yozgan, «Shoir ovozi» dostoni (Sayfi Jalil musiqasi), «Yoshligim» syuitasi (D. Zokirov), «Mening oppoq qo‘shig‘im» kabi turkumlari (Bahrillo Lutfullayev musiqasi) shular jumlasidandir. Uning «Toshkentning nozanin malikasi» (Manas Leviyev musiqasi), «Ko‘ngil – chinni piyola» (1987, Komil Kenjayev musiqasi), «Kuyovlar konkursi» (1991, R. Azizxo‘jayev bilan T. Hasanov musiqasi), «Har kimki vafo qilsa…» (1994, Bobur haqida. A. Ismoilov, S. Hayitboyev musiqasi) kabi musiqali drama va komediyalari tomoshabinlarga manzur bo‘lgan.

Haydar Muhammadning «Xotinlar «gap»idan chiqqan hangoma» (1990), «Sab’ai sayyor» (1991, Navoiy dostoni asosida), «Hazilkash shoh» (1994), «Sehrgar va ayyor» (1994), «Jinoyat ustida ushlansin» (1996), «Elyor botir» (1985) kabi drama va komediyalari Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatri, Muqimiy nomli respublika musiqali teatri, viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan. «Toshkentning nozanin malikasi», «Ko‘ngil – chinni piyola», «Kuyovlar konkursi» asarlari esa Tojikiston, Qirg‘iziston teatrlarida ham sahna yuzini ko‘rgan.

Marhumning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring