Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli kinoijodkorlardan iborat o‘zbek delegatsiyasining Tojikistonga safari yakunlandi

Taniqli kinoijodkorlardan iborat o‘zbek delegatsiyasining Tojikistonga safari yakunlandi

30 mart – 2 aprel kunlari Tojikistonda «O‘zbek kino kunlari» hamda MDH va Gruziya davlatlari kinostudiyalari rahbarlarining IV kengashi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Kinematografiya agentligidan Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchanov, kinoijodkorlar Rashid Malikov, Bahodir Odilov, Lola Eltoyeva, Umid Iskandarov, Nigina Anorboyeva, Furqat Usmonov va boshqalar ishtirok etishdi.

«O‘zbek kino kunlari» doirasida tojikistonlik tomoshabinlar uchun Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «101 reys», «Bir kunlik to‘y», «Tutqunlik» badiiy filmlari, «Matonat maktabi» hujjatli filmi namoyish etildi. Kinofilmlar premerasi Tojikiston Respublikasining «Sinamo» va boshqa telekanallari orqali efirga uzatildi. Dushanbedagi  «Koxi Navruz» madaniyat saroyida o‘tkazilgan «101 reys» filmi premerasidan so‘ng Hisor shahrida Rashid Malikov rejissyorligida suratga olingan «Tutqunlik» badiiy filmining premerasi ham bo‘lib o‘tdi.  Rashid Malikov tojik kinoixlosmandlarini kino kunlari bilan tabriklab, o‘zbek kinematografiyasining eng so‘ngi filmlari ular uchun tuhfa qilinganini bildirdi:  

– O‘zbek kinosi tarixidan ma’lumki, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’naviy hayotning bir-biriga mutanosibligi, urf-odatlarimizning yaqinligi ishlangan kinofilmlarda aks etgan. O‘tgan yildan bu madaniy aloqalar o‘zaro mustahkamlanib, O‘zbekiston va Tojikistonda kino kunlari o‘tkazilmoqda. Hamkorlikda filmlar suratga olinmoqda. 2021 yil may oyida yurtingizga ijodiy safar bilan tashrif buyurgan edik. Navbatdagi safarimiz davomida ham mamlakatingizda o‘zbek kino kunlarini o‘tkazishni niyat qildik. O‘zbek kinosining sizdek muxlislari bor ekanligidan bag‘oyat shodmiz!

Tojikistonda bo‘lib o‘tgan «O‘zbek kino kunlari»ning yopilishi ilk bor «Tochi somon» birinchi tojik milliy kinomukofotini topshirish marosimi doirasida tashkil etildi. Unda o‘zbek delegatsiyasi ham ishtirok etdi va g‘oliblarga statuetkalar o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan topshirildi.

O‘zbekiston Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov tojik milliy kinomukofotini o‘zbek delegatsiyasi tomonidan topshirilganini alohida qayd etdi:

– E’tibor bergan bo‘lsangiz barcha mukofotlarni o‘zbek ijodkorlari topshirdi. Bu nafaqat bizning delegatsiyaga qilingan ehtiromdir balki, butun o‘zbek san’atini e’tirof etishdir. Tojikistonlik hamkasblarimizdan minnatdor bo‘lgan holda o‘zaro hamkorliklarimiz ikki taraf uchun ham samarali va mazmunli bo‘lishiga ishonaman.

Delegatsiya safari davomida Alisher Navoy va Abdurahmon Jomiy haqidagi film bo‘yicha taqdimot tashkil etildi. So‘ngra, ikki tomonning fikr-mulohazalari va takliflari bilan filmning konsepsiyasi tasdiqlandi.

– Jomiy va Navoiy tojik xalqining iftixori sanaladi. Shu vaqtgacha bu ulug‘ mutafakkirlar haqida yirik badiiy film yaratilmagan. Endilikda, o‘zbek va tojik kinoijodkorlari tomonidan hamkorlikda Jomiy va Navoiyning hayoti va ijodi haqida suratga olinishi rejalashtirilayotgan yangi badiiy film ulug‘ mutafakkirlarning shaxsi va xotirasiga munosib hurmat bo‘ladi. Jumladan, biz tojik ijodkorlari katta mas’uliyatli vazifa oldida o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan bag‘oyat mamnunmiz! – dedi Tojikiston Fanlar akademiyasi kutubxonasi direktori, filologiya fanlari doktori Shodimuhammad So‘fizoda.

— Prezidentimiz tomonidan bir yil oldin berilgan takliflari asosida yaratilayotgan ushbu film uchun, juda ko‘p ma’lumotlar yig‘ildi va o‘zbekistonlik va tojikistonlik Navoiyshunos va Jomiyshunos olimlar bilan muzokararlar olib borildi. Ulardan olingan ma’lumotlarga asoslanib ssenariy yozildi va ushbu loyiha muhokamalar jarayonida tasdiqlandi, — dedi film ssenariy muallifi Rustam Jabborov. 

Tomonlar hamkorlikda yaratilishi rejalashtirilayotgan yana bir «Ko‘rinmas yulduz» filmi sinopsisini ham ma’qullab, ishga tushirishni kelishib olishdi. Bu haqda film rejissyori Aslzoda Mehribon quyidagilarni ma’lum qildi:

– Bu 30 yil davomida O‘zbekiston va Tojikistonlik kinoijodkorlari birgalikda ishlayotgan birinchi qo‘shma loyiha bo‘lib, bu filmdan keyin ijodkorlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga aminman.

«Tojikfilm» davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon esa o‘zbek ijodkorlarining muvaffaqiyatlari ular uchun o‘rnak bo‘lishini bildirdi:

–    O‘zbek kinoijodkorlarining muvaffaqiyatlari biz uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi. Ma’lumki, kino san’atini rivojlantirishda, munosiblarni e’tirof etishda O‘zbekistonda «Oltin Humo» milliy kinomuokofoti joriy qilingan. Bu yildan Tojikistonda ham «Tochi somon» milliy kinomukofotiga asos solindi. Ilk marotaba o‘tkazilayotgan marosimda o‘zbek kinoijodkorlarining ishtiroki bizni yanada mamnun qildi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning filiali ochilgani nafaqat o‘zbek yoshlarini, balki tojikistonlik yosh kinoijodkorlarini ham xursand qildi. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu ta’lim muassasasida bizning yoshlarimiz ham ta’lim olish niyatini bildirishmoqda. Kelgusida kino ta’limi sohasida ham Kinematografiya agentligi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yga qo‘yish rejalashtirilgan.

Delegatsiya eng muhim tadbir – Dushanbeda tashkil etilgan MDH davlatlari va Gruziya kinostudiyalari direktorlarining kinematografiya sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kengashida ham ishtirok etdi. Kengash ishida 14 ga yaqin MDH davlatlari va Gruziyaning yetakchi kinostudiyalari, ishtiroki ta’minlandi. Kengash a’zolarining qarori bilan «MDH va Gruziya davlatlari kinostudiyalari xalqaro ijodiy uyushmasi» ishchi nomi ostida xalqaro alyans tuzildi. Tashkil etilgan ishchi guruhga assotsiatsiyaning nizomi va tuzilmasini shakllantirish kabi vazifalar yuklatildi. Uyushma raisi etib esa bir ovozdan, kinematografiya sohasida katta yutuqlarga erishgan O‘zbekiston Kinematografiya Agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov saylandi.

–  Bu hamkorlik sifatini oshirish, o‘zaro bozorlarga chiqish, kino ishlab chiqarishda ijodiy va iqtisodiy resurslarni birlashtirishga qaratilgan hamkorlikning yorqin namunasidir. Shu bilan birga, biz bu hamkorlik tizimli va muntazam ko‘rinishga ega bo‘lishi kerakligini tushunamiz. Buning uchun yangi mexanizmlar talab etiladi, shuning uchun ham biz kino hamjamiyatini yaratmoqdamiz va O‘zbekiston tajribasini asos qilib olgan holda hamkorlik modelining ushbu variantini bir ovozdan qabul qildik, — deya ta’kidladi «Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy.

–  O‘zbekiston Prezidentining dunyo mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga qaratilgan siyosati, shu bilan birga kinematografiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir nuqtada birlashmoqda. Boy tarix va an’analarga ega bo‘lgan MDH va Gruziyaning nufuzli kinostudiyalari tomonidan ko‘rsatilayotgan ishonch uyushmaga a’zo mamlakatlar kino sanoatini rivojlantirish uchun ham, O‘zbekiston Kinematografiyasi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu o‘rinda, Tojikiston hukumati va elchixonalarga, Tojikfilm rahbariyatiga va albatta tojikistonlik kinoixlosmandlariga ham tashakkur izhor qilaman. Bizni yuqori darajada kutib olishdi, tadbirlar ham yuqori saviyada tashkillashtirilgan. Ikki davlat rahbarlarining sohaga qaratayotgan e’tibori, kinoijodkorlarga berayotgan imkoniyati uchun alohida minnatdorchilik bildiramiz, – dedi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

– Ma’lumki, Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, tojik va o‘zbeklar azaldan qardosh, biri-biri bilan do‘st va hamkor xalqlar hisoblanadi. Zero, kino san’ati orqali ham o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish mumkin. Bu esa sifatli kinolarimizni ko‘payishiga, xalqlarimiz yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi, — deya ta’kidladi «Kinematografiya a’lochisi» ko‘krak nishoni sohibi, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zaur Daxte.

Taniqli kinoijodkorlardan iborat o‘zbek delegatsiyasining Tojikistonga ijodiy safari 2 aprel kuni o‘z nihoyasi yetdi. Delegatsiya va «O‘zbek kino kunlari» bilan bog‘liq barcha tadbirlar yurtimizning davlat va nodavlat telekanallari orqali yoritib borildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinda Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Evrilish», «Baron-2», «Muhabbat bahori», «Ayol qismati» kabi filmlarning katta premerasi o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring