Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shoshilishmi, bilimsizlikmi?

Shoshilishmi, bilimsizlikmi?

Foto: BBC

Bilimsizning shoshgani yomon

Oxirgi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Bu bejiz emas. Chunki turizm mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltirishi jihatidan yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi. Dunyodagi ayrim davlatlarning asosiy daromad manbai ham aynan turizm sohasidir. Shu ma’noda yurtimizdagi turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar kishini xursand qilmay qolmaydi.

Shu yilning 10 fevral kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining «Facebook»dagi rasmiy sahifasida Madaniyat vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi bilan hamkorlikda qadimiy Ark qal’asida sayyohlarni jalb qilish va viloyatning turistik salohiyatini oshirish maqsadida teatrlashtirilgan tomoshaning videosi joylashtirildi. Uni 20 fevraldan boshlab har kuni ikki bor namoyish etish rejalashtirilayotgan ekan.

Sahna ko‘rinishida Buxoro amirining qabul marosimi aks etgan. Dastlab amir mudofaa vazirining amirlikda tinchlik va osoyishtalik hukm surayotgani to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi. Undan keyin bir qator xorijiy davlatlarning elchilari qabul qilinadi. Undan so‘ng mehmonlar sharafiga konsert dasturi namoyish etiladi. Oxirida barcha qabul marosimini tark etadi hamda sahna nihoyasiga yetadi.

Maqsad, g‘oya juda ajoyib! Ammo tarixiy voqealarni sahnalashtirishdan oldin tarixiy faktlarni o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ushbu sahnada shunday qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilganki, tarixdan ozgina xabari bor inson buni payqashi mumkin. Birinchidan, sahna dekoratsiyasi juda nochor ahvolda. Odatda yuqori darajali qabul marosimlari hovlida emas, maxsus zallarda bo‘lib o‘tgan. Ushbu jihatni e’tiborga olish kerak.

Ikkinchidan, liboslar, aktyorlarning tashqi ko‘rinishi va nutqlari ustida ancha ishlash lozim. Xorij elchilarining (afg‘on elchisidan boshqa) o‘zbek tilida gapirishi ham sahnaning qo‘l uchida qilinganini ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, ayolarning liboslariga katta e’tibor berish kerak, chunki u davrlarda amirlikda islom dini chuqur hurmat qilingan va ayollarning bunday shaklda kiyinishi urfga zid bo‘lgan.

Uchinchidan, elchilari tanishtirilayotgan mamlakat nomlari tarixiy hujjatlar asosida ishlatilishi lozim edi. Buning uchun Buxoro amirligining tashkil topish yilini eslatib o‘tish kerak. 1756 yilda Buxoro xonligida hukmronlik qilib kelgan joniylar sulolasi (ashtarxoniylar) barham topadi va taxtga mang‘itlardan bo‘lgan Muhammad Rahimbiy keladi. Aynan shu sanadan Buxoroda yangi — mang‘itlar sulolasi hukmronlikni qo‘lga oladi. 1785 yilda taxtga o‘tirgan Shohmurod xon rutbasini olishdan bosh tortadi va o‘zini amir deb e’lon qiladi. Shu yildan boshlab Buxoro xonligi Buxoro amirligi deb yuritila boshlaydi. Buxoro amirligi esa 1920 yilgacha mavjud bo‘ladi. Demak, sahnada ayni shu davrdagi amirlardan biri gavdalanadi. Xo‘sh, shu davrlarda Arabiston deb nomlanuvchi davlat bo‘lganmi? Aslida Arabiston davlati atamasini ishlatish mutlaqo noto‘g‘ridir. Chunki arablar yashaydigan Arabiston yarimorolida bugungi kunda bir nechta davlat mavjud. Ulardan biri Saudiya Arabistoni. Faraz qilaylik, sahnada Saudiya Arabistoni elchisi qabul qilindi. Ammo Saudiya Arabistoni 1932 yildan boshlabgina rasman shunday nomlanib kelmoqda. Bu vaqtda esa dunyo xaritasida Buxoro amirligi deb nomlangan davlat yo‘q edi. Turkiya ham xuddi shunday. Buxoro amirligi mavjud bo‘lgan davrda Turkiya davlati emas, balki Usmonli turklar imperiyasi degan davlat mavjud bo‘lgan. Rasmiy qabul marosimida davlatlar nomlarining bunday qo‘pol xatolar bilan aytilishi qanchalik to‘g‘ri?

To‘rtinchidan, tarixiy voqealar borasida ham umuman ishlanmagan, mutaxassislardan maslahat so‘ralmagan. Bu borada qilingan xato juda achinarli. Farangiston (Fransiya) elchisi qirol Sharl (Karl, Charles) VIning maktubini o‘qib beradi. Shu yerda biroz tarixga safar qilamiz. Fransiya tarixida kapetinglar sulolasidan chiqqan to‘rtinchi qirol hisoblanmish Sharl VI 1368 yili tavallud topgan. U davlatni 1380 — 1422-yillari boshqargan. Xo‘sh, endi o‘ylab ko‘ring, bu vaqtda Buxoro amirligi o‘rnida qanday davlat mavjud edi? Albatta, sohibqiron Amir Temur va temuriylar davlati. Bu vaqtda Buxoro amirligi tugul, Buxoro xonligi haqida ham gap bo‘lishi mumkin emas. Qariyb 400 yil oldin hukmronlik qilgan qirol qanday qilib Buxoro amiriga elchi jo‘natishi mumkin? Buxoro amirligi mavjud bo‘lib turgan paytlarda Fransiyada siyosiy boshqaruv tizimi bir necha bor o‘zgargan. Qirollik boshqaruvi tugatilib, mamlakat respublikaga qarab ketayotgan bo‘lgan. Tarixiy mavzuga qo‘l urishdan oldin tarixiy faktlar bilan tanishib chiqish lozim edi.

O‘ylaymizki, hali sayyohlik mavsumi boshlanishigacha vaqt bor va bu xatolar ustida bosh qotirishadi. Aks holda bunday ko‘r-ko‘rona va qo‘l uchida qilingan ish uchun kulgiga qolishimiz mumkin. Ushbu sahna ko‘rinishini tayyorlaganlardan uni yana bir bor ko‘rib chiqishlarini va mutaxassislar bilan maslahatlashishlarini so‘rab qolamiz. Maqsad sayyohlarni jalb qilish va viloyatning turistik salohiyatini ko‘tarish bo‘lsa, bu ishga jiddiy yondashish lozim.

Albatta, har qanday yangi boshlangan g‘oya vaqt o‘tishi bilan takomillashib boradi. Bizning maqsadimiz esa shu g‘oya barchada yaxshi taassurot qoldirsin, uni ko‘rganda havas qilarli darajada bo‘lsin!

Jahongir Ostonov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring