San’atkorlarning to‘yga chiqishini cheklash, daromadini soliqqa tortish — noto‘g‘ri yo‘l
Shu kunlarda Oliy Majlis Senati to‘y-marosimlarni tartibga solishga qaratilgan muhim qaror ustida ish olib bormoqda.
Mazkur qaror mamlakatimizning ijtimoiy-madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham bu borada ko‘plab fikr-mulohazalar, takliflar bildirilmoqda. Quyida ana shunday takliflarning biri bilan tanishishingiz mumkin.
Dabdabali to‘ylarni cheklashga oid Oliy Majlis qarori loyihasining san’atkorlarga oid qismi yuzasidan o‘z munosabatimni bildirmoqchiman.
Qaror loyihasida bitta to‘yga bitta san’atkor borishi qayd qilingan.
Albatta, bunday qaror qabul qilinishining ma’lum bir sabablari bordir va u adolatlidir.
Ammo bu qarorning san’atkorlarni cheklashga doir bandlarini kiritishga hali ancha yillar kerak bo‘ladi. Mazkur bandning qarorga kiritilishi nafaqat san’atkorlarning noroziligiga sabab bo‘ladi, balki san’atimizning umumiy rivojiga, bundan tashqari ijodkor yoshlarimizning o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi. Demak, ushbu shartlarning hayotga tatbiq qilinishi yoshlar faoliyatiga oid davlat siyosatiga mutlaqo ziddir.
Mavzuga doir: «Deputat: san’atkorlarga soliq imtiyozi bekor qilinishi kerak»
Oxirgi paytlar nafaqat san’atkorlar faoliyatini cheklash, balki ularning daromadlari ham ko‘pchilikni qiziqtirib qolgan. Afsuski, ko‘pchilik bitta qo‘shiq yaratish uchun bir necha million so‘m sarflanishi, uni xalqqa tanitish uchun esa undan ham ko‘p pul kerak bo‘lishini bilmaydi. Masalan, hozirgi estrada yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, shuni aytishim mumkinki, bu sohada aksariyat holatlarda yosh san’atkorlarning faoliyati muvaffaqiyatsiz yakunlanmoqda.
Bunga sabab nima? Asosiy sabablardan biri ular yaratayotgan kuy va qo‘shiqlar sayoz ekanligi bo‘lsa, ikkinchisi mamlakatimizda soha ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, rag‘batlantirishning aniq bir tizimi (mualliflik va turdosh xuquqlarni boshqarish tizimi) ishlamayotganligida deb bilaman.
Ma’lumki, san’atkorlarning aksariyat qismi yoshlardir. Yosh iqtidorlarning san’at sohasiga kirib kelishidagi to‘siqlardan biri «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan ilk marotaba litsenziya oluvchilarga 3 millionga yaqin pul to‘lash sharti belgilanganidir. Endigina maxsus o‘quv yurtlari yoki institutlarni tamomlab kelgan ijodkorlar shuncha pulni qayerdan olishi kerak degan savol turibdi. Mazkur muassasa oldiga qo‘yilgan vazifalardan biri ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat emasmi?
Mavzuga doir: «San’atdagi muammolarning zohiriga emas, ildiziga ham qarash kerak»
Muassasa vakillarini ayblashdan yiroqman, chunki bu bir necha yillar davomida qo‘llab kelinayotgan tizimdir. Mening fikrimcha, birinchi marta litsenziya olayotgan san’atkorlar qattiq imtihondan o‘tkazilishi va shundan so‘nggina ularga 2 yil muddatga bepul litsenziya berilishi, shu bilan birga qo‘shiqlarining teleradiokanallarda rotatsiya qilinishida muayyan imtiyozlar yaratilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda ular har holda oyoqqa turib olishlari uchun katta zamin yaratiladi, ularning ichidan eng saralari – haqiqiy san’at egalarini kashf qilishimiz uchun keng imkoniyatlar ochiladi.
Yuqoridagi qarorga qaytsak, hozirgi kunda san’atkorlarning asosiy daromad manbasi to‘y-marosimlar ekanligi hammaga ma’lum. Shunday ekan, ularning to‘ylarga chiqishiga turli cheklovlar qo‘yish, to‘ydan olayotgan daromadlarini soliqqa tortish kabi choralar noto‘g‘ri yo‘ldir. San’atkorlar va mualliflarning bugungi kundagi holatini hisobga olib, ularga vaqtincha tegmagan ma’qul. Avval ularning faoliyatida bugungi zamonga mos keladigan tartiblarni o‘rnatib olishimiz kerak. Buning uchun birinchi navbatda milliardlarni tashkil etuvchi gonorarlarni undirish tizimini to‘g‘ri shakllantirish, bunda xorijiy tajribalardan albatta foydalanish lozim. Ijodkorlar yaratayotgan asarlari uchun munosib gonorar olsa, shundan so‘ng ularning daromadlaridan soliq ushlansa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bizda esa hozir teskari, hech bir davlatda yo‘q tizim amal qilmoqda. San’at sohasiga kirish uchun avvaldan pul to‘lash kerak (litsenziya to‘lovlari). Tabiiyki, bu borada soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritilish lozim.
Vaqt kelib gonorarlar tizimi rivojlangandan so‘ng qo‘shiqchilik sohasida vujudga kelgan aksariyat muammolar avtomatik ravishda o‘z yechimini topib ketadi. San’atkorlarimiz ham rivojlangan mamlakatlardagi san’atkorlar kabi asosan to‘y-hashamlardan emas, balki gonorar hisobidan daromad topishni boshlaydi, bu ularning ham orzusi. Buning uchun imkon qadar tezroq mualliflik huquqini boshqaruvchi tashkilot tuzish, shuningdek, gonorar to‘lovlarining yangi manbalari yuzasidan hukumat qarorlari qabul qilinishi kerak.
Shuni ta’kidlash joizki, 25 yil davomida gonorar to‘lovlarini boshqarish tizimi lozim darajada ishlamaganligi oqibatida yuzlab iqtidorli san’atkorlarimiz xorijiy davlatlarga chiqib ketdi.
Yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish darkor:
- Mamlakatimizda mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi yagona tashkilot tashkil etishimiz lozim. Bu borada hukumat qarorining loyihasini ishlab chiqyapmiz, tez kunlarda tegishli organlarga yuboramiz.
- Xorijiy tajribalardan kelib chiqib, gonorar to‘lovidan undiriladigan mablag‘ning muayyan bir qismi iqtidorli yoshlarning ilk faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi qarorda belgilanishi kerak.
- «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi iqtidorli san’atkorlarga litsenziyani birinchi marta bepul berishi masalasi ko‘rib chiqilishi lozim.
Mashhurbek Sattorov,
Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisi o‘rinbosari,
iqtisodchi, huquqshunos
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter