Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda Sharja amirligi arxeologik topilmalari bo‘yicha ko‘rgazma ochildi

Samarqandda Sharja amirligi arxeologik topilmalari bo‘yicha ko‘rgazma ochildi

Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyada Sharja amirligining arxeologik topilmalari ko‘rgazmasi ochildi.

Tadbirda BAA Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy, Sharja arxeologiya boshqarmasi bosh direktori Eisa Yusuf, BAA delegatsiyasi vakillari, O‘zbekiston tomonidan Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, mahalliy mutaxassislar, jurnalist va blogerlar, barcha qiziquvchilar ishtirok etdi.

Ko‘rgazmaga Arabiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar tarixi hamda Sharja Amirligining neolit davridan Islomgacha bo‘lgan davriga oid 170 dan ortiq arxeologik topilma keltirilgan. Eksponatlarning  80 foizi ilk bor O‘zbekistonda ko‘rgazmaga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Jurnalistlarga intervyu bergan Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy Samarqandga ilk marta kelgani, ammo u bu yerda o‘zini xuddi o‘z uyidagidek his qilayotgani, bu madaniyatimiz, tariximiz, qadriyatlarimiz mushtarakligini bilan bog‘liq deb aytdi. 

«Bu ko‘rgazma, Markaziy Osiyo xalqlari bilan minglab yillardan buyon bog‘lab kelgan tariximizni, shuningdek, XX va XXI asrlarga daxldor munosabatlarimizni ham ko‘rsatib beradi.  O‘zbekiston hukumati yordamida Samarqandga keltirilgan eksponatlar yosh avlodga bizning umumiy, asriy an’analarimizni anglab yetishlariga yordam beradi», — dedi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy.

Ko‘rgazma O‘zbekiston va Birlashgan Arab amirliklari munosabatlarini mustahkamlashga, madaniy aloqalarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qilishiga umidlar yangradi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Sharjadagi Mleyxa arxeologik yodgorligida saroy, istehkomlar, uylar qoldiqlari, shuningdek, inson hamda hayvonlar qabrlari topilgan. Topilmalarning umumiy maydoni 3 kmga cho‘zilgan. Mleyxadan uzoq bo‘lmagan hududda esa arxeologlar oltin, kumush, bronza, temir, fil suyagi, alebastr, shisha va boshqalardan yasalgan, bezatilgan buyumlar ham topilgan. Bu buyumlarda qadimgi Misr, Yunon, Rim, Parfiya, O‘rta Osiyo, Hindiston uslublarini ko‘rish mumkin.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring