Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rolikdagi Amir Temur obrazi «badiiy to‘qima» bo‘lishi mumkinligi aytildi

Rolikdagi Amir Temur obrazi «badiiy to‘qima» bo‘lishi mumkinligi aytildi

Foto: Xabar.uz

Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xorijlik videoblogerlar tomonidan suratga olingan videorolik bo‘yicha munosabat berarkan, odamlarni jalb qilish maqsadida Amir Temur obrazi «badiiy to‘qima» sifatida qo‘llanilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«Vazirlik videorolik avvalida sohibqiron Amir Temur haqida aytilgan fikrlarga xayrihoh emas. Shunday bo‘lsa-da, qayd etish joizki, videoroliklarda tomoshabinning e’tiborini jalb qilish uchun ham «badiiy to‘qima» qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin, bu auditoriyani jalb qilish maqsadida tez-tez ishlatiladigan uslubdir. Videorolikning o‘zini umumiy oladigan bo‘lsak, bu kabi videolar mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishda ijobiy xizmat qiladi», deyiladi munosabatda.

Vazirlik rolik bo‘yicha savollar tug‘ilsa, matbuot xizmatiga yoki rolik ijodkorlariga murojaat qilishni so‘ragan. Qo‘shimcha tarzida sayyohlikni targ‘ib qilishdagi har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirilgan.

Lekin bir qancha savollar ochiq qolmoqda. Jumladan, rolik mazmuni O‘zbekistondagi sohaga oid mutasaddilar bilan nega kelishilmagan? Turizm vazirligi turistik salohiyatni salbiy ma’noda targ‘ib qilishdan manfaatdor bo‘lmasa kerak? Munosabatda bu savollar ochiq qolgan, chunki rolikni vazirlik o‘z rasmiy sahifasida ham joylagandi.

Shuningdek, auditoriyani jalb qilish uchun, vazirlik aytganidek, «badiiy to‘qima»dan foydalanilgan bo‘lsa, dunyo ahli uchun Amir Temur qonxo‘r bosqinchi, o‘zbeklar uchun esa buyuk sohibqiron bo‘lib qolaveradimi?

Umuman, munosabat taxminlarga asoslanib yozilgan, vazirlik o‘zi ham rolik mazmunidan bexabar bo‘la turib uni sahifasiga joylagan bo‘lib chiqyapti. Turizmga javobgar sifatida rolik ijodkorlari bilan bog‘lanib, uning mazmunini o‘zgartirish, «badiiy to‘qima» emas, haqiqatda mavjud tarixiy shaxs sifatida to‘g‘rilash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish tavsiya qilinadi.

Auditoriyani Amir Temurni «badiiy to‘qima»ga aylantirmasdan, uni yomonlamasdan turib ham jalb qilish mumkin. Ikkinchi jahon urushidagi afsonani esa sohibqironni «qonxo‘r»ga chiqarmasdan turib ham qo‘llash mumkin edi.

Eslatib o‘tamiz, bir qator xorijiy videoblogerlar O‘zbekiston haqida badiiy videorolik tayyorlab, Amir Temurni qonxo‘r bosqinchi deb ta’riflashgandi. Rolik Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida suratga olingan. Unda Hollivudning taniqli kinoqahramonlari yangicha talqinda gavdalantirilgan: Indiana Jons, Lara Kroft va noma’lum (Natan Dreyk). Ular qabr va xazinalarga qiziqadigan qadimshunos kino obrazlaridir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring