Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Registonda sayyog‘larga yopinchiq taklif qilinmoqda (foto)

Registonda sayyog‘larga yopinchiq taklif qilinmoqda (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Samarqanddagi tarixiy me’moriy obidalarda sayyohlar uchun yopinchiq va ro‘mollar berib turish xizmati joriy qilindi. Jumladan, Registon ansamblida, Tillakori madrasasi tarkibidagi masjidga kiraverishda kalta yoki yelkalari ochiq-sochiq sayyohlarga foydalanib turish uchun milliy matolardan tikilgan xalat va ro‘mollar taklif qilinmoqda.

–  Bu dunyo miqyosida qo‘llanilgan usul, – deydi Registon ansambli direktori o‘rinbosari Azamat Samadov. –  Deylik, Turkiyaning muqaddas dargohlariga har qanday sayyoh ochiq-sochiq kiyimda kirishi mumkin emas. Bizda bu tajriba shu yildan qo‘llanila boshlandi. Qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat bajo etilishi deb tushuntirilganda xorijiy mehmonlarimiz buni to‘g‘ri qabul qilishyapti.  

Azamatning aytishicha, bu majburiy xarakterda emas. Hozircha, mehmonlarni ana shu munosabatga moslashtirish nazarda tutilgan. Registon ansamblining masjiddan tashqari boshqa hududlarida sayyohlar istagan kiyimlarida yurishlari mumkinligi ta’kidlanadi.

– Sayyohlar soni ortib borayapti, – deya so‘zini davom ettiradi Azamat Samadov. – Xorijlik yoki mahalliy sayyohlar bo‘lsin, ularning ko‘ngliga ozor berishga haqqimiz yo‘q. Tadbir mukammal tus olguncha vaqt kerak bo‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, foydalanilgan har bir buyum albatta tozalanishga topshiriladi. Shu maqsadda vaqtinchaga, tekinga  beriladigan kiyim-kechak paxtali matodan tikilgan. Ba’zan mehmonlar rastadan shunday kiyimlarni biryo‘la yangisini xarid qilishi ham kuzatiladi. Nijniy Novgoroddan kelgan Kseniya va Yekaterina egnidagi yorqin rangli kiyimlarini esdalik uchun olib ketishlaridan xursand.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring