Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘istondagi ko‘hna maqbara AQSh ko‘magida qayta tiklandi

Qoraqalpog‘istondagi ko‘hna maqbara AQSh ko‘magida qayta tiklandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli shahri yaqinidagi Xalifa Rajab (Erejep) maqbarasi Qo‘shma Shtatlar ko‘magida qayta tiklandi.

Tarixiy yodgorlikning qayta ochilishida AQSh elchisi Jonatan Henik qatnashdi.

«Bu – Qoraqalpog‘istonning boy tarixi, madaniyati va qadimiy ruhini yaqqol namoyon etuvchi qimmatli obidadir. Biz Elchi jamg‘armasi orqali O‘zbekistonning boy tarixini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Bu ish ikki mamalakatning madaniy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlaydi», – dedi J.Henik.

XII asrga oid Xalifa Rajab ziyoratgohini Markaziy Osiyoni tadqiq etish xalqaro instituti AQSh elchisining madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi grantidan foydalanib qayta tikladi. Ko‘hna maqbarani saqlab qolish uchun qariyb 80 ming dollar ajratildi.

Tarixiy obida holatini to‘liq o‘rganish uchun geofizika, geodeziya, arxeologik tadqiqotlar, tarkibiy nazorat, 3D skanerlash, fotogrammetriya, radiouglerodlarni aniqlash kabi ilg‘or usullardan foydalanildi.

Loyiha doirasida tashrif buyuruvchilar uchun maqbara haqida batafsil ma’lumot beruvchi interaktiv ma’lumot taxtalari o‘rnatildi. Mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini beruvchi audioqo‘llanma ishlab chiqildi, maxsus veb-sayt ishga tushirildi.

2001 yilda ta’sis etilgan Elchining madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi rivojlanayotgan mamlakatlarga tarixiy obidalar, madaniy ob’yektlar hamda an’anaviy madaniy ifoda shakllarini saqlab qolish uchun grant ajratadi. Mazkur jamg‘arma 2001 yildan buyon O‘zbekistonda tarixiy binolar restavratsiyasi, nodir qo‘lyozmalar va muzey kolleksiyalarini baholash va saqlash, arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish, an’anaviy yodgorliklarni hujjatlashtirish bo‘yicha 15 ta loyihani qo‘llab-quvvatladi, buning uchun 1,3 million dollar ajratdi.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili Vashington va Toshkent «O‘zbekistonning arxeologik va etnologik materiallari toifalarida import cheklovlarini joriy etish to‘g‘risida» bitimni imzolagan edi. Shu tariqa O‘zbekiston AQSh bilan madaniy boyliklar to‘g‘risida bitim imzolagan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘ldi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring