Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

«Qo‘qon shamoli» — oddiy bo‘lmagan oddiy film

«Qo‘qon shamoli» — oddiy bo‘lmagan oddiy film

Foto: «Telegram»

Oxirgi yillarda Qo‘qon mavzusi trendga chiqib qolganini sezyapsiz, chog‘i. Gap faqat yaqinda o‘tgan festivalda emas, albatta.

Shanba kuni «Qo‘qon shamoli» filmining yopiq premerasida bo‘ldik. Film haqida fikrlarim bir-biriga qarshi, taassurotlarim qorishiq.

Avvalo, yutuqlar haqida

Mavzu va davr juda to‘g‘ri tanlangan. Film bundan uch asr ilgari Qo‘qon xonligining eng yorqin va ziddiyatli davri haqida hikoya qiladi. Ya’ni shoira Nodirabegim va uning turmush o‘rtog‘i Amir Umarxon haqida.

Amir Umarxonni Nodirabegimning eri sifatida tilga olishimda aslo feministik asos yo‘q, shunchaki odatga ko‘ra aytdim. Chindan ham bizda doim Mohlaroyim siymosi eridan ustunroq, balandroq qo‘yib kelingan (sovet propagandasi ta’siri). Film shu afsonani yo‘qqa chiqarishga harakat qiladi, ya’ni davr va voqealar markaziga Umarxonni olib chiqadi. Olib chiqqanda ham shoir emas, hukmdor sifatida ko‘rsatishni maqsad qilib oladi.

Xonliklar davri, xonlar saroyi, taxtu saltanat katta fitnalar va fojialar makoni ekani sir emas. Film shunday fitnalardan birini fosh qilish ustiga qurilgan, ya’ni Amir Umarxonning taxtga o‘tirishini legitim ekanini isbotlamoqchi. Chunki tarixda Umarxon akasi Olimxonni o‘ldirib taxtga chiqdi, keyin esa jiyani o‘smir Shohrux mirzoni ham o‘ldirib, taxtini da’vogarlardan xoli qildi degan qarash bor. Ijodkorlar Umarxonni oqlashni istaydilar va bunga bir qadar muvaffaq ham bo‘ladilar.

Umarxon va Nodirabegim roliga tanlangan aktyorlar menga juda yoqdi, shunchaki ekranda chiroyli ko‘rinib qolmay, o‘ziga xos jozibasi va viqori bor, «fakturniy» aktyorlar ekan.

Jang sahnalari dinamikali, ishonchli va qiziq chiqqan.

Esda qoladigan sahnalari ham bor: masalan, fitnachi kampirning bo‘riga tiriklay yem qilinishi (kampir, aytgancha, Yo‘ldosh A’zamovning «O‘tkan kunlar» filmidagi ayyor Jannat xolaga quyib qo‘ygandek o‘xshaydi).

Yana bir muhim jihat: rejissyor Dilmurod Masaidov bugungi kunda o‘zimizda olinayotgan tarixiy filmlar uchun urf bo‘lgan «Muhtasham yuz yil» yoki «Jumong» kabi seriallarga ergashish an’anasidan voz kechgan. O‘zimizga qadrdon «Navoiy» yoki «Bobur» videoseriallari an’anasini davom ettirgani menga yoqdi.

Rahmatli aktrisa Gulbahor Yo‘ldosheva esa alohida mavzu — amirlar Olimxon va Umarxonning onasi Ulyo xonim rolini maromiga yetkazib o‘ynash bilan birga (Gulbahor opaning maromiga yetmagan rolini bilmayman), og‘ir kasal holida, saraton bilan kurasha turib umrining so‘nggi kunlarida ishni nihoyasiga yetkazgani qoyil qoldiradi, ta’sirlantiradi, kartina uchun qayg‘uli ham ayni vaqtda yoddan o‘chmaydigan chizgi beradi. Ulyo xonim obrazi asardagi asosiy personajlardan, jarayonga kamerton vazifasini o‘tagan shaxs bo‘lib gavdalangan. Kuchli shaxsga — kuchli obraz.

Endi kamchiliklari to‘g‘risida

Nazarimda, film biroz cho‘zilib ketgan. Tomoshabinni kiprik qoqmay o‘tirishga majburlaydigan nimadir yetishmayapti. Bir tashqariga chiqib kelsangiz ham, ko‘p narsa yo‘qotmaydigandeksiz.

Ko‘p sahnalar tet-a-tet va davra suhbatlariga ketib qolgan. Ya’ni dinamika, syujet evrilishlari, kulminatsiya bo‘rtiqligi yetarli darajada emasdek tuyuldi. «Termiziy» filmida ham shunday his paydo bo‘lgandi.

Kartina katta fitnani fosh qilishga bel bog‘lagan, lekin o‘sha fitna syujetga to‘liq singdirib yuborilmay, eng qaymog‘i, ya’ni muhim tafsilotlari va yechimi bir personaj tilidan ikki og‘iz gap bilan aytib qo‘yaqolindi. «Vau» effekt bo‘lmadi, xullas.

Ijodkorlar «biz shoir emas, shohni ko‘rsatmoqchi edik» deganlari uchun bir kartinada uchta zabardast shoiri davron (Amiriy, Gulxaniy, Nodira) bo‘lgani holda, ularning bironta she’ri o‘qilmaganini, mayli, kechiramiz (yo‘q, sal adashdim, Gulxaniy va Amiriydan bir-ikki baytlar aytildi.).

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, katta budjetli «Skorpion»dan yaxshiroq asar (budjeti ularga nisbatan kamxarj ekan, bilsak). O‘sish bor. Ammo tarixiy filmlar suratga olish maktabini boy berganimiz sezilyapti va bu sohada hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ayniqsa, qozoqlarning «To‘maris» filmiga ishlangan treylerni ko‘rib, alamdan yig‘lavoray dedim...

Lekin, baribir, «Qo‘qon shamoli»ni bir ko‘rish kerak: tarixni o‘rganish, xulosa chiqarish, chiroyli saroylar, kostyumlar, personajlar va jang sahnalaridan mazza qilib bahra olish uchun.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring