Jadidlar kechmishi haqida hikoya qiluvchi yangi film taqdim etildi
Yuzlab ijodkorlar ishtirokida ikki yil tayyorlangan «Armon» filmi YouTube’ga chiqarildi. Jadidchilik harakatiga qay tariqa asos solingani, uning namoyondalari taqdiri, 1917-yilgi siyosiy voqealarining islohotchilar harakatiga ta’siri, shuningdek, jadidlarning O‘zbekiston tarixida qoldirgan izi haqida haqida haqida hikoya qiluvchi filmning rejissyori: Ruslan Soliyev, saund-prodyuser – Kamron To‘ychiyev.
Kinokartinani suratga olish ishlari O‘zbekiston, Rossiya va Turkiyada bo‘lib o‘tgan. Filmda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi ma’rifatparvarlik harakatlariga ham to‘xtalingan. Unda qahramonlarni o‘zbekistonlik ijodkorlar (xususan, aktyor Erkin Bozorov va jamoat faoli Said-Abdulaziz Yusupov) bilan bir qatorda boshqa mamlakatlarning san’atkorlari (jumladan, tojikistonlik Manija, qozog‘istonlik Asqar Ilyasov) ham gavdalantirgan.
«Ulkan jamoa butun qalbi bilan kirishgan ushbu loyihani tugatish uchun ikki yildan ortiq vaqt ketdi. Bu murakkab va dardga to‘la film. 1,5 soat davomida hamma qahramonlar va barcha voqealar haqida to‘liq hikoya qilib bo‘lmaydi, albatta. Lekin jadidchilik mavzusi trendda ekanligi meni chin dildan quvontiradi. Ma’rifatparvarlar haqida qancha ko‘p hikoya qilinmasin — shuncha oz, chunki jadidlar xotirasi oldida juda qarzdormiz. Umuman, bugungi tahlikali zamonda bu o‘ta muhim mavzu», — deydi film rejissyori Ruslan Soliyev.
Ta’kidlash kerakki, filmda jadidchilik harakatini o‘rganuvchi tadqiqotchilar, shuningdek, ma’rifatparvarlarning avlodlari — Hamidulla Boltaboyev, Qahramon Rajabov, Dilorom Alimova, Baxtiyor Hasanov, Timur Xo‘jao‘g‘li, muftiy Nuriddin Holiqnazarov, Sulaymon Inoyatov, Xondamir Qodiriy, Kristofer Jeyms Fort, Nigora Rahimjonova, Azalshoh Hamroyev, Mavluda Rahmonova, Rudolf Barxet, Shohruh va Farrux Behbudiy, Gavhar Zokirova, Shuhrat Saidjonov, Furqatbek Yakvalhojiyev, Adib Xolid, Marianna Kamp, Sergey Abashin, Mark Riz — film davomida XIX-XX asrlarda ro‘y bergan tarixiy jarayonlar haqida o‘z hikoyalari bilan bo‘lishgan.
Jadidchilik – O‘zbekiston hududida XIX asrning oxirida tarqalgan ijtimoiy-siyosiy ma’rifatparvar harakat hisoblanadi. Uning namoyondalari, jadidlar diniy fanlar qatorida dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan yangi usuldagi maktablarni ochishgan. Jadidlarning o‘zlari o‘quv qo‘llanmalar yozgan, shuningdek o‘zbek tili va she’riyati rivojiga xizmat qilgan, o‘zbek teatri va dramasi asoslarini yaratgan.
Millat taraqqiyparvarlari deya nom olgan jadidlar Turkiston siyosiy maydonida o‘chmas iz qoldirgan. 1917-yilda ular Qo‘qon avtonomiyasini tuzgan, biroq avtonomiya 1918-yilda sovet hokimiyati tomonidan tor-mor etilgan. 1920-yillarda ayrim jadidlar rahbar lavozimlarda faoliyat olib borgan. Shu orqali ular o‘zbek intelligensiyasining rivojlanishida ishtirok etishgan. Jadidlar tarixi fojiali yakun topadi. Ular 1920–1930-yillar oxirida amir va sovet hokimiyati tomonidan ta’qib etilgan.
15-noyabr kuni poytaxt kinoteatrlaridan birida «Armon» filmining yopiq taqdimoti o‘tkazilgandi. Kinokartinaning YouTube’dagi premerasi 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Film 25-noyabr kuni markaziy telekanallarda namoyish etilishi kutilmoqda.
2020-yili yurtimiz kinoteatrlarida «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan «Kinomaniya» studiyasi tomonidan suratga olingan «Ibrat» badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tgandi.
2022-yili O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov fondi buyurtmasiga asosan suratga olingan «Jadidlar. Turkistondagi islohotlarning taqdiri» nomli hujjatli-badiiy film tomoshabinlar hukmiga havola qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter