Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qardosh xalqlar madaniyati uyg‘unligi timsoli

Qardosh xalqlar madaniyati uyg‘unligi timsoli

Foto: «Banco.az»

Davlatimiz Rahbari Sh. Mirziyoyev bugun Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etadilar va nutq so‘zlaydilar.

Gap shundaki, O‘zbekiston deyarli uzoq yillar ushbu tashkilotni e’tiborsiz qoldirib kelayotgan va ba’zan keng mintaqalarda umumiy tarixiy, diniy, til va madaniyat uyg‘unligi asosida tashkil topgan mazkur tuzilmaga qo‘shilmay kelardi.

Muhtaram Prezidentimiz Yangi O‘zbekistonni dunyo hamjamiyatiga ochiqlik va konstruktiv tashqi siyosat asosida namoyon etar ekanlar, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni ham faollashtirishga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqdalar.

2019-yildan boshlab O‘zbekistonning tuzilmaga qo‘shilishi uning mavqe va maqomini keskin oshirdi, tashkilot sifatidagi xalqaro maydondagi o‘rnini yuksaltirdi. Ayniqsa, tashkilotning madaniy-gumanitar sohadagi ahamiyati qardosh va birodar xalqlarimiz uchun tobora o‘sib borayapti.

Xiva – turkiy dunyo madaniyat poytaxti

Birta muhim jihat bor. «Turkiy dunyoning madaniy poytaxti» maqomini berish amaliyoti Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotining (TURKSOY) Doimiy Kengashi qarori asosida amalga oshirib kelinadi.

Ushbu maqom tashkilotga a’zo davlatlarning boy tarixga, qadimiy moddiy va ma’naviy merosga ega shaharlariga navbat bilan bir yil davomida beriladi.

Shaharlarga Madaniy poytaxt maqomini berish amaliyoti 2012-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda.

TURKSOY Doimiy Kengashi qarori asosida o‘tgan yillar davomida quyidagi shaharlarga «Turkiy dunyoning Madaniy poytaxti» maqomi berilgan:

2012-yil – Astana (Qozog‘iston)

2013-yil – Eskishexir (Turkiya)

2014-yil – Qozon (Rossiya)

2015-yil – Marv (Turkmaniston)

2016-yil – Sheki (Ozarbayjon)

2017-yil – Turkiston (Qozog‘iston)

2018-yil – Kastamonu (Turkiya)

2019-yil – O‘sh (Qirg‘iz Respublikasi)

2020-yil – Xiva (O‘zbekiston)

Ammo pandemiya sababli TURKSOY tashabbusi bilan Xivaning «Turkiy dunyo madaniyat poytaxti» nufuzli maqomi joriy yilda ham uzaytirildi, Xiva shahrida bir qator xalqaro madaniy tadbirlar o‘tkazildi.

2022-yilda esa Shusha shahrini Turkiy dunyo madaniyat poytaxti deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surilgan va hozirda yakuniy qaror qabul qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Alisher Navoiy – turkiy xalqlar iftixori

O‘zbekiston Prezidenti avvalgi sammitlarda Turkiy Kengash doirasida buyuk mutaffakir bobokalonimiz, o‘zining betakror asarlari bilan keng mintaqalar mintaqalarining umumiy ma’naviy xazinasiga aylangan boy meros qoldirgan «Alisher Navoiy» nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risidagi tashabbusni ilgari surdilar va bu borada yurtimiz manfaatlarini nufuzli tuzilmalarda jiddiy ilgari surib kelmoqda.

Qolaversa, ushbu xalqaro mukofotni ta’sis etish masalasi 2020-yilning 19-20-fevral kunlari Yurtboshimizning Turkiya Respublikasiga qilgan tashrifi davomida turk tomonidan ham ma’qullangan.

2020-yil 4-martda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Qarorida ham o‘z aksini topgan.

Mazkur mukofotni ta’sis etish masalasi Turkiy Kengash Kotibiyati orqali tashkilotga a’zo barcha davlatlar bilan kelishilgani va ular tomonidan to‘liq ma’qullangani e’tiborga molik. Kotibiyat tomonidan tashkilot doirasida «Alisher Navoiy» nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish va uni kelgusida o‘z egalari topshirish masalasi bo‘yicha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.

Xalqaro ekspertlarning baholariga ko‘ra, bugun bo‘lajak sammit doirasida bu masala ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Albatta, bu kabi nufuzli mukofotning ulug‘ ajdodimiz, turkiy tilning rivoji va beqiyos taraqqiyoti uchun mislsiz ulkan hissa qo‘shgan mutafakkir nomi bilan atalishi bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.        

Yulduz Imomova

JIDU «Siyosatshunoslik» kafedrasi doktoranti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring