«Siyosiy xatoga yo‘l qo‘ygan» Ozoda Saidzoda kechirildi – «O‘zbekkonsert»
Joriy yilning 10-oktyabr kuni xonanda Ozoda Saidzoda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasiga o‘z ijodini keng targ‘ib qilish va faoliyatini qonuniy tarzda yuritish maqsadida konsert-tomosha faoliyatiga ruxsat beruvchi litsenziya so‘rab murojaat qilgan. Bu haqda «Xabar.uz»ga muassasa matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan 2019-yil 13-oktyabr kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida ustoz san’atkorlar ishtirokida ochiq muloqot tarzidagi davra suhbati tashkil etilib, unda xonanda Ozoda Saidzodaning murojaati muhokama etildi.
«Davra suhbatida xonandaning bundan bir necha yillar oldin siyosiy xatoga yo‘l qo‘ygani, bilib-bilmay, asoslanmagan ma’lumotlarga ishonib inson shaxsiyatiga teguvchi noo‘rin fikrlar bildirgani, bundan tashqari muxlislarga nisbatan hurmatsizlik qilgani, san’atkor odobi doirasidan chetga chiquvchi harakatlar sodir etgani ustozlar tomonidan qattiq tanqid qilindi. Shundan keyin xonanda Ozoda Saidzodaning o‘zi ham so‘zga chiqib, xatolarini tan olib, o‘zining qo‘shiqlari bilan xalqqa xizmat qilishga va’da berdi», deyiladi «O‘zbekkonsert» xabarida.
Qayd etilishicha, davra suhbati yakunida barcha ustoz san’atkorlarning fikrlari tinglanganidan so‘ng, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahorov xonanda Ozoda Saidzoda bugun kechirilgani hamda erkin ijod qilishiga imkoniyat yaratilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, taniqli xonanda Ozoda Saidzoda (Nursaidova) bir necha yillardan buyon «zapret»da qolib kelayotgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter