«Bravo» va Halima Ibragimova litsenziyasidan ayrildi
«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan 26-fevral kuni «Badiiy so‘z san’ati va sahna mas’uliyati» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda «Kun.uz» yozmoqda.
Unda xabar berilishicha, so‘z ustalari «BRAVO» guruhi va Halima Ibragimovalarning litsenziyalari «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi 354-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan 2019-yilning 26-fevral kunidan amal qilishi tugatilgan.
«O‘zbekkonsert» bunga sabab sifatida san’atkorlar «litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani, ya’ni o‘tkazilgan konsert dasturlarida Muassasaga topshirilgan ssenariydan chetga chiqib, milliy urf-odatlarimiz, odob-ahloq, ma’naviy qadriyatlarga yot bo‘lgan, fahshni targ‘ib qiluvchi hajviyalar orqali o‘zbek so‘z san’ati obro‘siga putur yetkazayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga rioya etmaganini» keltirgan.
Shuningdek «Gap yo‘q triosi» – Sardor Toshmuhamedov, Laliddin Xolmatov va Sanjar Isaboyevlarga ham ogohlantirish berilgan.
«O‘zbekkonsert» rahbari Odiljon Abduqahhorov fevral oyi yakunida «O‘zbekkonsert» kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi va unda «Bravo» jamoasi litsenziyasini olib qo‘yish, qoldirish masalasi ko‘rilishi haqida gapirgan edi.
Halima Ibragimovaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolari tanqid nishoniga aylangan. Uning muxlislarga munosabati madaniyatsizlik deb topilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter