Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yangi adabiy janr yaratildi

O‘zbekistonda yangi adabiy janr yaratildi

Foto: «Sharqyulduzi.uz»

O‘zbekistonda adabiyotda yangi — zarbuldoston janri yaratildi

Shoir Safar Olloyor adabiyotda yangi janr bo‘lgan zarbuldostonga asos soldi. «Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, shoirning yaqinda «Akademnashr» nashriyoti tomonidan 2500 nusxada chop etilgan «Odam va omad» nomli zarbuldostoni Intellektual mulk agentligi tomonidan adabiyotdagi ilk janr sifatida 2018 yil 25 mayda ro‘yxatga olingan va muallifga bu haqda guvohnoma berilgan. Ushbu guvohnoma mualliflik huquqi to‘g‘risida jahon konvensiyasiga a’zo 167 ta davlatda amal qiladi.

Zarbuldostonga taqriz yozgan adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldosh «Yangi ijodiy hodisa» sarlavhali maqolasida shunday yozadi:

«Shoir Safar Olloyorning «Odam va omad» tarzida nomlanib, sakkiz yirik nazmiy asarni o‘z ichiga olgan zarbuldostoni shakllangan qarashlarga mos bo‘lmagani uchun ayrimlarga g‘alati tuyuldi. Holbuki, shoirning maqsadi ham hech bir jihati bilan boshqalarnikiga o‘xshamaydigan o‘ziga xos asarni yaratish bo‘lgan. Har bir millatning o‘qimishlilik darajasi o‘z nuqtai nazarini ijodkorga tiqishtirmasligi bilan o‘lchanadi.

«Odam va omad» asarini o‘qiganlarning ko‘pchiligi unga zarbuldostoni nimasi tag‘in, shunaqasiyam bor ekanmi deganday qaradilar. Aslida biror bitikning qandayligi uning tasavvurimizga mos kelish-kelmasligi bilan belgilanmaydi. E’tiborimizga sakkiz doston qo‘shiluvidan hosil bo‘lgan bitta zarbuldoston asari havola qilingan. Bitikning yaxlitligi nimada? Sakkiz butunlikni o‘zaro birlashtirib turuvchi mohiyat nimadan iborat? Bu dostonlar sakkizligida nima bor o‘zi? Ulardagi tasvir o‘qirmanga nimasi bilan qiziqarli va badiiy-estetik jihatdan ahamiyatli? Bitikni o‘qish asnosida shu savollarga javob izlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘qirman ham, sinchi olim ham asardan unda yo‘q narsani emas, bor narsani qidirgani ma’qul.

Adabiyotimiz tarixida masalni masalga qo‘shish orqali yuzaga kelgan «Zarbulmasal» asari bo‘lgan edi. Safar Olloyor dostonni dostonga qo‘shish yo‘li bilan zarbuldoston janridagi keng qamrovli bitikni dunyoga keltiribdi. Asarda milliy ruhiyat kishanlangan kechadan o‘zligi yog‘dulangan bugunga o‘tayotgan chog‘doshlarga xos tuyg‘u va o‘ylarning jilvalari badiiy ifoda etiladi».

Professor No‘’mon Rahimjonovning mazkur asarga yozgan so‘zboshisida shunday jumlalar bor:

«Safar Olloyor turkumdagi dostonlarning har birida odamning botiniy va zohiriy sifatlarini qahramonning umumiy tiynati va ruhiyatidan kelib chiqib ta’riflaydi. Falsafiy-majoziy voqealarni birlashtiruvchi syujetlar tizimi yaratgan. Sizu bizga zamondosh odamning voqelikka, hayotga, odamlarga, kechmishu bugunga munosabati yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga tayanadi...».

Shuningdek, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi she’riyat kengashi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir va kengash a’zolari Muhiddin Omon, Oygul Suyundiqova, Humoyun Akbar hamda huquqshunos va shoir Xolmuhammad Hasan ushbu asar haqiqatan ham adabiyotda jiddiy voqea bo‘lganini o‘z maqolalarida alohida ta’kidlashgan.

Nima ham derdik. Yaxshi yangilik! Barcha adabiyot muxlislarini yangi janr bilan qutlab, mazkur asar kitobsevar xalqimizning ma’naviy mulki bo‘lib qolishini tilaymiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring