Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yana bir yirik tadbir bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonda yana bir yirik tadbir bo‘lib o‘tadi

Bugun «O‘zbekfilm» kinokonsernida 13-21 sentyabr kunlari Toshkent, Xiva va Nukus shaharlarida o‘tkaziladigan madaniy meros haftaligi oldi matbuot anjumani tashkil etildi.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda olimlar, tadqiqotchilar, qo‘lyozmalar va miniatyuralar bo‘yicha mutaxassislar, xorijiy ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Madaniy meros haftaligi doirasida «O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish – zamonaviy bosqichda» mavzusidagi V Xalqaro kongress ham o‘tkaziladi.

Butunjahon jamiyatining navbatdagi kongressida mamlakatimizdan, shuningdek, Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Vengriya, Fransiya, Buyuk Britaniyaya, Turkiya, Yaponiya, Albaniya, Avstriya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Gretsiya, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Livan, Mo‘g‘uliston, BAA, Niderlandiya, Ukraina, Polsha singari 40 ga yaqin mamlakatdan 300 nafar tarixchi va sharqshunos olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, Madaniy meros haftaligi doirasida o‘zbek san’atining jahon va mahalliy to‘plamlarda saqlanayotgan durdonalariga bag‘ishlangan «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidagi 50 ta noyob kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tadi. . Shuningdek, kitob-albomlarning 50 ta to‘plamini muzeylar, galereyalar, ta’lim muassasalari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va konsulliklariga topshirish marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, haftalik doirasida 14-15 sentyabr kunlari Xiva shahrida «Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbir YuNESKO bilan birgalikda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75 -sessiyasida bildirilgan tashabbusi asosida o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hukumati qo‘llab quvvatlashi bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan, YuNESKO, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, «Eriell Group» neft servis kompaniyasi ko‘magi bilan o‘tkazilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring