O‘zbekiston va Rossiya matbaachilari hamkorlik qiladi
O‘zbekiston va Rossiya matbaachilari hamkorlik qiladi. Bu haqda 2018-yil 3-oktyabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriyev hamda Rossiyaning eng yirik matba korxonalaridan biri «Pareto-print» nashriyot-poligrafiya kompleksi bosh direktori P.Arsenev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tildi.
Avval xabar berilganidek, bugun XX «Qadoqlash va bosma ishi – O‘ZuPACK – O‘ZBEKinPRINT – O‘ZuPACK 2018» xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ushbu xalqaro tadbir O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmada jahonning 15 mamlakati, jumladan, Avstriya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, AQSh, Turkiya, Fransiya, Rossiya, O‘zbekiston, Finlyandiya hamda Yaponiyadan 66 ta kompaniya va brend qatnashmoqda.
– 2009 yilda o‘z faoliyatini boshlagan «Pareto-print» kompaniyasi bugungi kunda Rossiya kitob bozorining 15 % mahsulotini nashr qilishi bilan ajralib turadi, – deydi P.Arsenev. – Biz O‘zbekiston kitob bozorini o‘rganib chiqdik va bu borada o‘z xizmatlarimizni taklif qilmoqchimiz.
Shuningdek, uchrashuv davomida P.Arsenev «Pareto-print» nashriyot-poligrafiya kompleksining ish faoliyati, kompaniya erishayotgan yutuqlar, ularning qamrov doirasi, foydalanilayotgan zamonaviy texnik uskunalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Biz «Pareto-print» kompaniyasini texnologik jihatdan modernizatsiyalashgan korxona sifatida yaxshi bilamiz. MDH davlatlari ichida kompaniya zamonaviy uskunalar bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birida turadi, – deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriyev. – Sizlardagi innovatsion rivojlanish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish o‘zbekistonlik matbaachilar uchun foydadan xoli bo‘maydi. Hamkorligimizni mana shu yo‘nalishda olib borishni taklif qilgan bo‘lardim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter