Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Ozarbayjon nodir asarlar tarjimasi bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Ozarbayjon nodir asarlar tarjimasi bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Ozarbayjon har ikki millat ona tilida yozilgan eng nodir asarlarni bir-birining tiliga tarjima qilish va taqdim etish borasida hamkorlikni kuchaytiradi. Bu haqda Bokuda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Ozarbayjon madaniyat vaziri Odil Karimli uchrashuvida qayd etildi.

Muloqot Ozarbayjonda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida tashkil etilgan.

O‘zbekiston madaniyat vaziriga ko‘ra, uchrashuv avvalida Ozarbayjon madaniyat vaziri madaniyat kunlari yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda o‘tayotganini ta’kidlab, mehmon bo‘lib turgan barcha o‘zbek san’atkorlariga minnatdorlik bildirgan.

Vazirlar uchrashuvida ikki tomonlama madaniy-ma’rifiy tadbirlarni kengaytirish, ayniqsa, hududlar, birodarlik rishtalari o‘rnatilgan shaharlar o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishilgan.

Shuningdek, TÜRKSOY doirasida turkiy tilni rivojlantirish ustida izlanishlar olib borayotgan olim va tilshunoslarni bir joyga jamlab, mukammal lug‘at tayyorlash, har ikki millat tarixidan so‘zlovchi doston va eposlarni targ‘ib qilish, kino va teatr yo‘nalishida qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqilgan.

Ayni paytda O‘zbekistonda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi samarali faoliyat olib boryapti. Uchrashuvda O.Nazarbekov Ozarbayjonda ham O‘zbekiston madaniyat markazini tashkil etish taklifini bildirgan. Bu taklif mezbonlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida Bokuda o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning ozar tilida qayta nashr qilingan «O‘tkan kunlar» kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tgan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevral oyida O‘zbekiston hamda Ozarbayjonning 8 tarixiy shahri (Xiva va Shusha, Samarqand va Ganja, Buxoro va Lankaron, Qo‘qon va Sheki) o‘zaro birodarlik munosabatini o‘rnatdi.

Ikki qardosh davlat kutubxonalari o‘rtasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Noshirlik va tarjima borasidagi loyihalar ham allaqachon natija bera boshlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring