«Oltin Humo» milliy kinomukofotining tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi
Bugun O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan Kinochilar uyida an’anaviy «Oltin Humo» milliy kinomukofotining tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Avval kinoyulduzlar va ijodkorlar an’naviy qizil yo‘lakchadan o‘tishdi.
Tadbir boshida kino sohasida yil davomida amalga oshirilgan ishlar aks etgan maxsus videorolik taqdim etildi. So‘ngra, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov so‘zga chiqishdi. Barcha bayram shukuhi bilan muborakbod etildi.
Tadbir davomida o‘tganlar yod etilib, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirildi. O‘zbek kinosining darg‘alari tadbir davomida yana bir bor eslanib, so‘ngra MDH davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar tanishtirildi.
O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov kinodagi faoliyatini yodga olib, «Temir xotin» filmidagi sauntreki bilan mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Shuningdek, Madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov «San’atdan baxtini topganlar» nomli qo‘shig‘ini ijro etdi.
«Oltin Humo» milliy kinotaqdimoti quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘z egalariga topshirildi:
Eng yaxshi hujjatli film: «Xalq jasorati» rejissyor Ali Hamroyev,
Eng yaxshi animatsion film: «Avtosarguzashtlar 4» rejissyor Abdulatif Haydarov,
Eng yaxshi kompyuter grafikasi: «Ibrat» filmi uchun Dilshod Latifxo‘jayev,
Eng yaxshi kino bastakor: «Rangsiz tushlar» filmi uchun Ubaydulla Karimov,
Eng yaxshi montaj ishi: «Tengiz» filmi uchun Xurshid Alixo‘jayev,
Eng yaxshi grim rassomi: «Ilhaq» filmi Zilola Sobirova,
Eng yaxshi libos bo‘yicha rassom ishi: «Ilhaq» filmi Zuhra G‘aniyeva,
Eng yaxshi rassom ishi: «Qo‘qon shamoli» filmi uchun Isobek Egamberdiyev,
Eng yaxshi ovoz rejissyori: «Ilhaq» filmi Anvar Fayzullayev,
Eng yaxshi ssenariy: «Rangsiz tushlar» filmi uchun Umid Hamdamov,
Eng yaxshi operatorlik ishi: «Ilhaq» filmi uchun Jahongir Ibragimov,
Eng yaxshi rejissyorlik ishi: «Rangsiz tushlar» filmi Ayub Shahobiddinnov,
Eng yaxshi ayol roli: «Ilhak» filmi uchun Dilorom Karimova,
Eng yaxshi erkak roli: «Ibrat» filmi uchun Karim Mirhodiyev,
Tomoshabin mehrini qozongan film: «Qor yog‘moqda, oppoq qor» rejissyor Rixsivoy Muhammadjonov,
Yilning eng yaxshi filmi: «Ilhaq» filmi rejissyor Jahongir Ahmedov.
«Oltin Humo» milliy kinotaqdimotiga xorijiy mehmonlar, ijodkorlar, mutaxassislar, blogerlar va yoshlar tashrif buyurishdi.
Ma’lumot uchun: bugun rejissyor Azamat Ahrorovning «Lolagulim» kinokartinasining ilk katta premerasi bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter