«Oltin globus» ning to‘rtta nominatsiyasida g‘olib chiqqan film Amerika kinoaktyorlari gildiyasi mukofotiga sazovor bo‘ldi
AQShning Los-Anjeles shahrida Amerika kinoaktyorlari gildiyasi mukofotlarini tantanali tarzda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Xalq so‘zi online» nashri.
Xabarda aytilishicha, Buyuk britaniyalik rejissyor Martin Makdonning «Missuri, Ebbing chegarasidagi uchta bilbord» filmi «Eng yaxshi aktyorlar tarkibiga ega film» sifatida e’tirof etildi. Mazkur kartina bundan oldin «Oltin globus» mukofotining «Eng yaxshi dramatik film», «Eng yaxshi ssenariy», «Dramatik filmdagi eng yaxshi aktrisa» va «Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor» nominatsiyalarida ham g‘olib deb topilgandi. O‘shanda ushbu ijod mahsuliga «Byord xonim», «Yo‘qol», «Madbaund» fermasi», «Sevgi — kasallik» kabi filmlar raqobatchilik qilgandi.
«Vitse-prezident» va «Bu — biz» seriallari televizion janrdagi «Eng yaxshi aktyorlar tarkibi» deb topildi. «Katta kichik yolg‘on» filmida o‘ynagan Nikol Kidman va Aleksandr Skarsgard mini-serialdagi «Eng yaxshi aktyorlik ishi» yo‘nalishida peshqadamga aylandi.
«Qorong‘i davrlar» filmi qahramoni Uinston Cherchill siymosida gavdalangan britaniyalik san’atkor Gari Oldman va «Missuri, Ebbing chegarasidagi uchta bilbord» dramasida o‘ynagan amerikalik aktrisa Frensis Makdormand «Eng yaxshi bosh rol ijrochisi» deb topildi. Shu filmda suratga tushgan Sem Rokuell esa «Ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak aktyor», «Tonya hammaga qarshi» kartinasida ishtirok etgan Ellison Jenni esa «Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa» sifatida tan olindi.
Gildiyaning hayotdagi muvaffaqiyatlari uchun beriladigan sovriniga «Oskar», «Oltin globus» va «Kumush ayiq» mukofotlari laureati hisoblangan amerikalik aktyor Morgan Friman sazovor bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter