Navoiyni tan olgan jahon uning vorislarini ham e’tirof etadi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-fevraldagi farmoyishiga binoan 7-8-avgust kunlari Toshkent shahrida «O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda asosan o‘zbek adabiyoti vakillarining asarlarini chet tillarga tarjima qilgan tarjimonlar, o‘zbek adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan xorijiy olimlar, tarjima masalalari bilan shug‘ullangan xorijiy tadqiqotchilar, o‘zbek yozuvchi va shoirlari asarlarini boshqa tillarga tarjima qilayotgan o‘zbekistonlik tarjimonlar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Konferensiyaning tashkiliy qo‘mitasi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, madaniyat, moliya, iqtisodiyot, tashqi ishlar, adliya vazirliklari, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimiyati, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti, O‘zbekiston davlat jahon tillari va O‘zbekiston milliy universitetlari, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, O‘zbek tili va adabiyoti, folklori instituti rahbarlaridan tarkib topgan.
Konferensiya shtabi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limida joylashgan.
Bu anjuman adabiy aloqalar va o‘zbek adabiyotining jahonda targ‘ib etilishi mavzusida o‘tayotgan birinchi xalqaro konferensiya hisoblanadi. Ushbu konferensiyani tashkil etish bilan bog‘liq ishlar, ya’ni konferensiya logotipini ishlash, smetasini tasdiqlash, dasturini ishlab chiqish, xorijiy mehmonlarni taklif qilish, konferensiya haqidagi axborotni xorijda keng tarqatish qizg‘in pallaga kirmoqda. Shu kunga qadar anchagina takliflar, so‘rovlar oldik, kelish istagini bildirganlar ham ko‘payib bormoqda.
Bu anjuman, shubhasiz, o‘zbek adabiyotini jahonga olib chiqish yo‘lidagi urinishlardan biri bo‘ladi.
Konferensiya ishtirokchilarini «Ijod.uz» sayti, «Telegram»dagi «https://t.me/uzyouzpress» kanalimiz va «Facebook»dagi «Ijod.uz» sahifamiz orqali tanishtirib boramiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter