Murod Rajabovning so‘nggi so‘zlari
O‘zbekiston xalq artisti, teatr va kino aktyori Murod Rajabov 74 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. Uning o‘zbek san’atida qoldirgan izini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Aktyor rang-barang qahramonlari orqali o‘zbekning har bir xonadoniga kirib borgan edi. Jiddiy obrazlari bilan birga komik rollari millionlab muxlislarga zavq-shavq, quvonch ulashardi. San’atimiz darg‘alari, teatr va kino vakillari, hamkasblari Murod Rajabovni shunday xotirladilar.
Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston xalq artisti:
– Men Murod Rajabovni vafotidan sal avval borib ko‘rgan edim. G‘animat kunlar ekan. Reanimatsiyada yotganida hech kimni oldiga qo‘yishmayotgandi. Men kirdim.
Murod, qalam-qog‘oz beringlar, degandek bo‘ldi. Yonidagilardan so‘rasam, uyga ketmoqchi ekanligini aytishdi. «Murod, sen shu yerda davolanishing kerak, og‘ayni, ukajonim», dedim. Yig‘ladi. Mening ham ko‘zimdan yosh oqdi. Shu, boshqa gap yo‘q. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.
Zulfiqor Musoqov, kinorejissyor:
– O‘zbekiston xalq artisti, zo‘r aktyor... U kishini tanimagan odam yo‘q. Men «Kichkina tabib»dagi Shuhrat aka rolini aniq Murod akaga bag‘ishlab yozgan edim. Hech qachon tanlov o‘tmagan.
Men uchun og‘ir judolik. Safdoshlarim bu dunyoni birma-bir tark etishmoqda. Husan Sharipov, Obid Yunusov, Dias Rahmatov... Men suygan, hurmat qilgan aktyorlar, afsuski, oz qoldi. Rahmatli bo‘lganlari ko‘proq. Murod akaning oilasiga sabr tilayman, o‘zlarini saqlashsin. Hayot shu ekan, biz nimayam qila olardik! Hammamizning boradigan joyimiz bir! Shaxsan men uchun Murod aka, inson, ijodkor sifatida abadiy qoladi. Oxirgi kunimgacha u kishini eslayman. O‘ylaymanki, bizning vatanimiz yana bir xalq boyligini yo‘qotdi. Ularning o‘rnini to‘ldiradigan odam yo‘q. Har biri betakror, o‘zbek kino san’ati, teatr san’ati yulduzlari edi. Men haligacha o‘zimga kelolmayapman.
Saida Rametova, aktrisa:
– Xudo rahmat qilsin. U kishi ustozim. Juda chiroyli umr ko‘rdilar. Bir erkakka qancha baxt, omad, san’at yo‘lida qanchalik yutuqlarga ega bo‘lish kerak bo‘lsa, mening nazarimda, Murod aka hammasiga erishdi. Juda baxtli aktyor, sevimli yor, hurmatli ota edilar. Biz, shogirdlari uchun qadrli ustoz edilar. Teatrda ishlaganlarida minglab rollar ijro etdi. Kinoda, seriallarda chiqdi.
Men teatrda ilk bor «Otasining qizi»ni o‘ynaganimda otamni Murod Rajabov ijro etgan. Shu rolimdan keyin tanilganman. Keyin kinoda chiqa boshladik. Murod aka bilan bir gal singlisi, bir gal qizi bo‘lib juda ko‘plab filmlarda o‘ynadim. Keyin-keyin ayoli bo‘lib rollar ijro etdim. Menga har doim o‘rgatib turardilar. Kinoda qanday ishlash, kameraga qay tarzda qarash kerakligini, nimani oshirib yubormaslik, nimani kamaytirmaslikni juda ko‘p o‘rgatgan. (Ovozi titrab) Oila a’zolariga, ayoliga, qizlariga kuch, sabr bersin, deyman, ta’ziyamni bildiraman. Ustozning oxirati obod bo‘lsin. Biz, hamma shogirdlari duo qilamiz. Bunday aktyorlar yuz yilda bir keladi. U kishi bu hayotda o‘ziga haykal qo‘yib ketdi, deb o‘ylayman.
Murod akani kasali endi boshlanganda ko‘rgan edim. Ancha gaplashganmiz. «Saida, sen ham kasal bo‘lib tuzalding», – dedilar. Jumadulla akani so‘radilar. Yaqinda, bir oycha avval Murod aka ikkalamizni reklama, klipga taklif qilishdi. Ammo u kishi rad etibdi. Qo‘ng‘iroq qildim. «Murod aka, men bilan birga rol ijro etgingiz kelmayaptimi, ustoz?» – deb so‘radim. «Saida, sog‘lig‘im yaxshi emas. Oyog‘im judayam og‘riydi. Sen boshqacha tushunmagin», – dedi u kishi.
Vafoti haqida eshitib, allanechuk bo‘ldim. Har bir inson uzoq yashashni xohlaydi-da! O‘zimga-o‘zim aytdim: Ramazonning eng yaxshi kunlarida Alloh chin uyga chaqiribdi, oxiratlari obod bo‘lsin, dedim. Judayam baxtli inson, yaxshi yashadilar. Bugunmi, ertami, hammamiz bu dunyoni tark etamiz. Ammo tark etganda mana shunday chiroyli, odamlar eslab qoladigan o‘lim topaylik. Buyam katta baxt! Demak, Murod aka Allohning suygan bandasi, joylari jannatda bo‘lsin.
Karim Mirhodiyev, aktyor:
– Men Murod akani san’atkor sifatida o‘zimga eng yaqin deb bilardim. Biz birgalikda ko‘p ishlaganmiz. «Kichkina tabib»dan tashqari talay filmlarda, Rossiya kartinalarida ham rollar ijro etdik. Kinodan tashqari teatrda ham yelkama-yelka ishlaganmiz.
Murod akani oxirgi marta uylariga borib ko‘rgandim. Yangi yil kirishidan oldin edi. U kishi oyoqqa turolmagandi. Ancha suhbatlashdik. Shunda Murod aka ko‘zimga uzoq tikilib turib, bir gapni aytdi. Uzoq tikilib, «San’at o‘ldi», dedi. Shuiing uchun hozir boshqa hech qanday izoh, so‘z, ko‘rgazmali gaplarning keragi yo‘q, deb hisoblayman. Bu mening shaxsiy fikrim. Mening pozitsiyam. Mening bu odamga ulkan, cheksiz hurmatim. Katta yo‘qotish bo‘ldi. Joylari jannatda bo‘lsin.
Zuhra Ashurova, aktrisa:
– Men Murod akaning tuzalib ketishlariga ishonib yurgandim. Hali yosh edilar. Mana, hozir hammamiz birgamiz, s’yomkadamiz. Javohir Zokirov yonimda, hayron bo‘lib o‘tiribmiz. Murod aka bilan birga ijod qilganmiz. Bunday iqtidor egalari kamdan-kam keladi. U kishi o‘zbek san’atida o‘zining haqiqiy izlarini qoldirdi. Kinoda ham, teatrda o‘zgacha aktyor bo‘lganlar. Xalq har bir rollarini ko‘rardi.
Murod aka betob bo‘lganida, bir taksi haydovchisi mendan u kishini so‘ragani esimda: «Opa, Murod Rajabovning uyi qayerda? Men bir muxlis sifatida borib, chopon kiydirib kelmoqchi edim. Bu aktyorni judayam hurmat qilaman», degandi. «Xudo xohlasa, tuzalib, ishga chiqib qoladilar», dedim men. Negadir Murod akaning ishlab ketishlariga ishonchim komil edi. San’atga qaytadi, deb o‘ylagandim. Og‘ir betobliklarini bilsangiz ham umid qilasiz ekan. Noxush xabar eshitamiz, deb xayolimizga kelgani yo‘q. Xafa bo‘lib qoldik. Ilohim, oxiratlari obod bo‘lsin!
A.Fathullayev yozib oldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter