Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Muhabbat bahori» filmining katta taqdimoti o‘tkazildi

«Muhabbat bahori» filmining katta taqdimoti o‘tkazildi

Bugun 27 may soat 18:00 da Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Ibrohim Rasulovning «Muhabbat bahori» kinokartinasining katta taqdimoti o‘tkazildi.

Filmda ikki ijodkor - O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya va jamoat arbobi, taniqli shoir Hamid Olimjonning sof muhabbati, hayot yo‘llari, ijodi, ayriliq, vafo, sadoqat tuyg‘ulari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, ularning sof muhabbati, orzu va armonlari, Hamid Olimjon vafotidan keyin Zulfiyaxonimning ichki kechinmalari, umid va shijoatga to‘la hayot yo‘li o‘ziga xos rakurslarda ko‘rsatib berilgan.

Kinokartinada Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning bolalik davri, ijodiy faoliyati, asosan 1920-1944 yillar voqeliklari aks ettirilgan.

Ssenariy mualliflari Zulfiya Qurolboy qizi va Mikoyil Sulaymonov, postanovkachi rejissyor Ibrohim Rasulov, operator Tal’at Mansurov. Filmda asosiy rollarni Hamza Hasanov (Hamid Olimjon), Shahnoza Hojimurodova (Zulfiya), Shohida Ismoilova, Abdurayim Abduvahobov, Mehriddin Rahmatov va ko‘plab viloyat teatrlarining mohir aktyorlari ijro etishgan.

«O‘zbekistonning ikki buyuk ijodkori, yetuk shaxs va jamoat arboblari haqidagi mazkur «Muhabbat bahori» filmi suratga olindi. Unda urush davri, ruhiy va ma’naviy qiyinchiliklar ham o‘z tasvirini topgan. O‘ylaymanki, bu film yoshlarimizga manzur bo‘ladi. Shuning uchun, 14 may kuni Qashqadaryo viloyatidagi «Madaniyat va ma’rifat karvoni» tadbirlari doirasida «Film qahramonlaridan o‘rnak olamiz» nomli umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi insholar tanlovida «Muhabbat bahori» filmi bo‘yicha o‘quvchilar insholar yozishgandi», — deya alohida ta’kidladi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

«Film ustida ish olib borish 3 yil davom etdi. Badiiy kengash xalqimiz uchun manzur bo‘ladigan kinokartina bo‘lishi uchun harakat qildi, ssenariy ko‘p marotaba ishlandi. Mana tayyor film bu Badiiy kengashning ham ulkan yutug‘i, mehnatlarining samarasi. Ijodiy jamoadan mana shunday ajoyib kinoasarlar kutib qolamiz», — dedi Badiiy kengash kotibi Feruza Nodirova.

Filmning suratga olish ishlari Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring