«Labi Hovuz»da sahna yo‘q. Axloqsizlik-chi?
Yaqinda «Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida «Labi Hovuzda «diskoteka»? Bunisi oshib tushibdi!» sarlavhali kulchadekkina maqola e’lon qilingan edi. Mazkur maqola «Azon.uz» saytidan olinganini matndagi havoladan ko‘plar anglagan bo‘lsa kerak.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi maqola yuzasidan quyidagicha munosabat yo‘llabdi:
«Labi Hovuz majmuasida «Al Muhammad» xususiy korxonasiga qarashli «Labi Hovuz» restorani (umumiy ovqatlanish shoxobchalari) mavjud. Ushbu umumiy ovqatlanish shoxobchalari 1997 yil 15 apreldan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning ish tartibi ertalab 8:00dan kech soat 23:00ga qadar belgilangan. Mazkur savdo shoxobcha ma’muriyati Buxoro viloyat IIB xavfsiz turizm inspeksiyasi bilan birgalikda jamoat tartibini, xavfsizlikni saqlash maqsadida 16 ta videokamera o‘rnatgan. Mazkur majmua jonli ijrodagi konsert dasturlarini o‘tkazishga moslashmagan va bunday tadbirlar o‘tkazilmagan. Shunday bo‘lsa-da, restoranda musiqiy kichik ovoz kuchaytirgich orqali, sayyohlar talabidan kelib chiqib musiqa qo‘yiladi.
Savdo majmuasida xorijiy va mahalliy sayyohlarga umumiy ovqatlanish xizmati ko‘rsatilib, jami 120 o‘ringa mo‘ljallangan. Asosan tushlik va kech soat 19:00da xizmat ko‘rsatiladi.
Mazkur savdo majmuasida tegishli nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazilgan. Qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilmagani aniqlandi.
Majmua hududida mastlik holati va boshqa jamoat tartibiga ta’sir qiluvchi holatlar kuzatilmagan (videokamera yozuvlari asosida).
«Labi Hovuzda «diskoteka»? Bunisi oshib tushibdi!» sarlavhali maqola nima uchun bunday nomlanganini bilish istagida madaniyat vazirligi matbuot kotibi «Xabar.uz» saytiga murojaat etdi. Murojaat natijasida maqola «Azon.uz» saytida «Labi Hovuzdagi «qora dog‘» sarlavhasi ostida chop etilgani ma’lum bo‘ldi.
Madaniyat vazirligining Buxoro viloyat boshqarmasi vakillari tomonidan «Labi Hovuz» hududida joylashgan «Al Muhammad» xususiy korxonasiga murojaat etildi. «Diskoteka taomxonada tashkil etilyaptimi?» degan savol berildi va o‘rganildi. Savolimizga isbotlovchi dalillar bilan yuzlanishdi, aniqlanishicha, «Al Muhammad» xususiy korxonasida diskoteka tashkil etish uchun mo‘ljallangan joy (sahna) yo‘q, shu bilan birga, 120 o‘ringa moslashtirilgan restoranda mahalliy va xorijiy sayyohlar murojaatiga ko‘ra ko‘ngilochar musiqalar yangraydi. Raqs tushish istagida bo‘lgan sayyoh o‘z joyida turib raqsga tushishi mumkin. Tartibni saqlash uchun IIB xavfsiz turizm inspeksiyasi doimiy xizmatda, shuningdek restoran yonida tibbiy yordam xizmati ham tashkil etilgan. Bu bizning madaniy meros ob’yektlarimizni ko‘rish istagida bo‘lgan sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlardan biridir...»
Biroz cho‘zilgan munosabatdan ko‘rinadiki, hammasi joyida, sayt xodimlari bekorga vahima qilgan, nimaiki qilinmasin — hammasi mahalliy va xorijiy mehmonlar ko‘nglini olishga qaratilgan. Tushunarli. Biroq, baraka topgurlar, maqolada Buxoroga kelayotgan mehmonlarga qanday xizmat ko‘rsatilmoqda, degan savol qo‘yilmagandi-ku?! Aksincha, kelayotgan mehmonlar bugungi ma’naviy-axloqiy holatimizni ko‘rib, ne o‘ylarga borishidan tavish izhor qilingan. Ya’ni, Labi Hovuzdagi zamonaviy «diskoteka» tashkil qilingani (mayli, sahnasi bo‘lmasin, har kim o‘z joyida likkillab o‘yinga tushsa ham), baland ovozli musiqa (past ohangdagi musiqaga birov raqs tushishiga ham ishonaylik, xo‘p), spirtli ichimliklar, mast-alast kishilarning o‘zini bilmas hollari... Shularga urg‘u berilgan. Turistlar nima uchun keladi? Avvalo, yurtimiz, xususan, Islom tarixiga bo‘lgan qiziqish ularni qadimiy go‘shalarga yetaklaydi. Labi Hovuzdagi «olatasir» raqslar, aysh-u ishrat, mast-alastlarni ko‘rib, o‘zbekning milliy-diniy qadriyatlari, urf-odatlari qani, deyishayotgan bo‘lsa, ajabmas. Yana o‘ylashayotgan bo‘lsa kerakki, odob-u hayoda o‘z vaqtida dunyoga namuna bo‘lgan o‘zbeklarning ahvoli shumi?
Nahot mutasaddilar maqolada gap ma’naviy-axloqiy qadriyatlar haqida ketganini ilg‘ashmagan bo‘lsa?
Qadimdan ilmu irfon markazi bo‘lgan Buxoroning qadrini saqlash, avvalo, o‘z sha’nimizni muhofaza qilish emasmi?
O‘zgalar oldida o‘zligini namoyon etgan millatgina hurmatga loyiq ko‘riladi. O‘zgalar hurmatini qozonishni xohlagan millat esa milliy qadriyatlariga zid xatti-harakatlari bilan «o‘zligini namoyon» etmaydi.
Endiyam tushunarli bo‘lmadimi?
P. S. «Labi Hovuzda»gi aynan bugungi manzaralar aks etgan suratlarni qo‘yib, ta’bingizni battar tirriq qilgimiz kelmadi, rosti. Muborak kunlarda nafsining yo‘rig‘iga yurishdan uyalmagan yurtdoshlarimiz qiyofasini saytda berishga biz uyaldik. Qolaversa, maqsad qadimiy go‘shada mastona-mastona yurganlarning qiyofasini ko‘rsatish emas. Bu bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Muammo yechimi esa, avvalo, mutasaddilarning masalaga xolis qarab, zarur tadbirlar ko‘rishga chin dildan kirishishida.
Vassalom.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter