Konsert-tomosha tadbirlariga bir martalik ruxsatnoma uchun yig‘im bekor qilinadi
«Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
- konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi;
- konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘im bekor qilinadi;
- davlat organlari va tashkilotlarining tashabbuslari bilan o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalari asosida o‘tkaziladi;
- Prezident, Hukumat va hokimning davlat tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qarorlarida ushbu tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar buyurtmachilari va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatiladi;
- davlat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar xizmat ko‘rsatganda yozma va haq evaziga shartnoma tuziladi (konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi davlat muassasalari xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bundan mustasno).
Tadbirlarga ijodkorlarni jamoatchilik asosida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi
Farmonga muvofiq, Madaniyat vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilarning jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan chop etiladi va ular ta’lim muassasalariga to‘liq yetkaziladi.
2020-yil 1-sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi.
San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etiladi
Farmonga muvofiq, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etiladi.
Palata mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilot hisoblanadi.
Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar huquq egalari tomonidan berilgan vakolat doirasida da’vo bilan sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lash muddati kechiktirilib, keyinchalik bu boj aybdor tarafdan undiriladi.
Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat beriladi.
Farmon bilan Respublika qo‘g‘irchoq teatriga O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri nomi berildi.
Ko‘chma sirk tomoshalari uchun ruxsatnoma olish talab etilmaydi
Farmonga ko‘ra, «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasining bino va inshootlari rekonstruksiya qilinadi.
2020-2021 yillar davomida har bir hududda ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) hamda hayvonot bog‘lari tashkil etiladi.
2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:
• ko‘chma sirklar tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi, bunda tadbir tashkilotchilari uni o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qiladi;
• ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari mazkur tomosha tadbirlarida jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligini to‘lov undirilmagan holda ta’minlaydi;
• davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda ko‘chma sirklar tomonidan tomosha tadbirlari o‘tkazish uchun ijara va boshqa turdagi to‘lovlar undirilmaydi;
• o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning nomoddiy madaniy meros ob’yektlarini (dorboz, askiya, lapar) asrash va ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatidan olingan daromadlariga soliq solinmaydi.
15 aprel «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni» deb e’lon qilindi
Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:
• maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy maktabi muassasasi – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’at instituti;
• davlat muassasasi shaklidagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti;
• Madaniyat vazirligi tizimida Respublika musiqa va san’at kolleji tashkil etildi.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji etib qayta tashkil etildi.
V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari maktab-internatlar uchun belgilangan imtiyozlarni tatbiq etgan holda tegishlicha V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablariga aylantirildi.
2020-yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi «ochiq eshiklar kuni» deb e’lon qilindi.
«Ochiq eshiklar kuni»da fuqarolar davlat muzeylariga bepul kiritiladi.
2020-2025-yillar davomida bosqichma-bosqich har bir tuman va shaharda tarix va madaniyat davlat muzeylarining filiallari shaklida o‘lkashunoslik muzeylari tashkil etiladi.
Farmon bilan 15-aprel »O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni» deb e’lon qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter