Kinoprokat tizimini tashkil etish bo‘yicha qaror imzolandi
Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Aholiga kinovideo xizmati ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
Nizomga muvofiq, «O‘zbekkino» milliy agentligi tizimidagi kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalari narxi Agentlik tomonidan, boshqa kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalarining narxi ushbu tashkilotlarning o‘zlari tomonidan mustaqil belgilanadi.
Kinovideo-tomosha tashkilotlari muayyan kinoseans boshlanishidan kamida 30 daqiqa avval belgilangan kinoseansga chiptalar savdosini boshlashi shart.
Shuningdek, kinozalga kirish seansdan kamida 15 daqiqa oldin boshlanadi. Yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar voyaga yetgan kuzatuvchi hamrohligida, bolalar uchun belgilangan narxlarda kirish chiptasi bilan kinozalga kiritiladi.
Repertuarda rejalashtirilgan film kinoseans uchun kinozalga yig‘ilgan tomoshabinlarning sonidan qat’i nazar, chipta sotilgan bo‘lsa, namoyish qilinishi shart.
Kinoseans vaqtida videokamera, telefon, planshet va boshqa raqamli elektron jihozlardan foydalanish, namoyish etilayotgan filmni video-foto tasvirga olish, baland ovozda gaplashish va boshqa tomoshabinlarga xalaqit berish taqiqlanadi.
Kinovideo-tomosha tashkilotlari kinofilmlarni sifatli namoyish qilish, tomoshabinlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, hojatxona, ona va bola xonasi, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish vositalaridan bepul foydalanishga imkoniyat yaratib berilishi shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter