Kerakli tashabbus. O‘zbekistondagi tarixiy yodgorliklar qiyofasi 3D formatda gavdalantiriladi

«Yangi O‘zbekiston — yangi nigoh» dasturi doirasida mamlakatning tarixiy obidalari va me’moriy inshootlarini 3D formatda raqamlashtirish bo‘yicha loyiha o‘z faoliyatini boshlamoqda. Loyiha O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kinematografiya agentligi va Amerikaning Global Digital Heritage kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Noyob texnologiya tarixiy obidalarning raqamli rekonstruksiyasini amalga oshirish va VR formatida namoyish etish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga, loyiha ta’lim sohasiga ham yo‘naltirilgan bo‘lib, barcha xohlovchilar maxsus manba orqali O‘zbekiston yodgorliklari bilan onlayn shaklda tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shuningdek, Global Digital Heritage vakillari o‘zbekistonlik mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalar, dronlar va kameralar bilan ishlash va ob’yektlarni videotasvirga olishda o‘z bilimlari bilan bo‘lishishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Bugun Kinematografiya agentligi binosida Global Digital Heritage (AQSh) va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi vakillari ishtirokida loyihaning boshlanishiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Pilot loyiha Samarqandda amalga oshiriladi, raqamlashtirish uchun dastlabki ob’yektlar sifatida Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim madrasasi, qadimiy Afrosiyob manzilgohi, Ulug‘bek rasadxonasi, Registon maydoni va Juma machiti tanlandi.
«Tarixiy yodgorliklarning 3D formatidagi nusxalarini yaratish tendensiyasi allaqachon butun dunyo bo‘ylab tarqalgan. Endilikda ushbu loyiha O‘zbekistonda ham amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha hamma uchun, ayniqsa, o‘z hayotini yangi texnologiyalar, gadjetlar va VR texnologiyalarsiz tasavvur eta olmaydigan yoshlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Yoshlar uchun qo‘shimcha bilim olish imkoniyatidan tashqari, o‘quv funksiyasini ham o‘z ichiga oladi. Ularga raqamli vizualizatsiya, 3D virtualizatsiya, geofazoviy informatika sohalari bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi», — deya ta’kidlaydi O‘zEOAVMA rahbari Firdavs Abduxoliqov.
«Har bir mamlakatning, shu jumladan O‘zbekistonning madaniy merosi – bu xalqning mulkidir. Madaniy meros nafaqat universitetdagi bir necha kishiga yoki tashkilotdagi tadqiqotchilarga, balki hammaga tegishli. Bizning vazifamiz madaniy merosni odamlarga qaytarishdan iborat. Bizning qilgan ishlarimiz ushbu merosni asrab-avaylash va o‘tmishimiz qanday bo‘lganligini avlodlarimizga ko‘rsatishda yordam beradi. Biz ko‘plab manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalangan holda ob’yektning dastlabki ko‘rinishini tiklaymiz», — deb ma’lumot berdi Global Digital Heritage kompaniyasining vakili Gerbert Mashner.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter