Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilhaq ona

Ilhaq ona

«Ilhaq» filmidan epizod.

«Ilhaq» filmida qahramon Zulfiya aya rolini gavdalantirgan Dilorom Karimova bilan suhbat.

Urush – minglab odamlarning yostig‘ini quritgan ofat. Minglab insonlarni jigarporasidan, otasidan, yoridan ayirgan zahri qotildir. Urush talofatlari kirib bormagan, uning jabru jafosidan zarar ko‘rmagan xonadon bo‘lmasa kerak. Dunyo tarixidagi bu mudhish voqea asrlar davomida ko‘pchilikka saboq bo‘lish bilan birga, u qoldirgan bitmas jarohatla yarasi hamon bag‘rimizni tiladi. Ana shunday iztiroblardan biri urushda besh nafar o‘g‘lidan ayrilgan Zulfiya Zokirovadir.

«O‘zbekkino» MA buyurtmasiga binoan suratga olingan Jahongir Ahmedov rejissyorligidagi «Ilhaq» badiiy filmida bosh rol ijrochisi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, aktrisa Dilorom Karimova bilan yaratilgan obraz hamda film jarayonlari haqida suhbatlashdik.

 – «Ilhaq» badiiy filmiga taklif qilinib, uning ssenariysini o‘qish jarayonida nimalarni his qilgansiz?

– «Ilhaq» badiiy filmiga kastingdan o‘tib, ssenariyni o‘qiyotganimda undagi timsollarga ahamiyat berdim. Hayotning o‘zi timsollarga to‘la. San’atkor esa uni ko‘ra bilishi, anglay olishi kerak. Bu san’atkorning iqtidorini bildiradi. Masalan, urushning boshlanishi tandirda qolib kuyib qop-qora bo‘lgan nonlar timsolida berilgan. Bunda urushning falokat, baxtsizlik, fojialigiga ishora qilinmoqda. Yoki tishlangan nonlar, olmalarning suvda oqishi, uning tepasida ilhaq, mo‘ltirab turgan ona.

Zulfiya ayaning eridan qolgan belbog‘ini bog‘lashi. Birorta o‘g‘li urushdan qaytmagach, o‘sha belbog‘ni katta kelini bog‘laydi. Yana bong urilishi sahnasi. Temirdan ishlangan katta bong qishloqqa har gal qora xat kelganda gumbirlab ovoz chiqaradi. Mana shu ohang butun film davomida yangrab turadi. Asarning so‘nggi ham urush tugagan, 70-yillar bo‘lishiga qaramay yana bong ovozi bilan tugaydi.

Ssenariyni o‘qish davomida o‘sha ramz, timsollar menga juda qattiq ta’sir qilgan. Filmdagi har bir detal bekorga ishlanmaganligiga guvoh bo‘lasiz. Timsollar o‘ziga xos fikr yuritadi, tomoshabinni jiddiy o‘ylantiradi. Masalan, shu oxirgi bong urushi hanuzgacha onalarning yaralangan qalbida baxtsizlik urush xavfi borligi haqida ogohlantiradi. Mana shunday timsollarga boy ssenariy menga juda qattiq ta’sir qilgan.

 

– Zulfiya Zokirova haqida oldin eshitganmisiz? Bu ayol haqida qanday tasavvur paydo bo‘ldi? Bir o‘zbek ayoli sifatida undagi jasorat haqida nimalar degan bo‘lar edingiz?

– Zulfiya Zokirova haqida eshitmagandim. U haqida birinchi bo‘lib, rejissyordan eshitdim. Bu ayol bilan rejissyor Jahongir Ahmedov qishloqdosh bo‘lgan ekan. Ayol haqida ko‘p qarindoshlaridan eshitib, oldindan ma’lumot to‘plab, o‘n yil ilgari asar yozib qo‘ygan ekan. Doim buni film qilish fikrida yurar ekan.

Yurtboshimiz Zulfiya Zokirova matonati haqida gapirgandan keyin, uning sharafiga g‘alaba xiyobonida monument o‘rnatilish tashabbusidan keyin qoralamalarni ssenariyga aylantirib, ijodiy guruh bilan film qilishga kirishildi. Ssenariy badiiy kengashdan o‘tib, mening rolim tasdiqlangach, rejissyor Zulfiya aya haqida batafsil so‘zlab bergandi.

Bunda o‘zbek ayolining jasorati mujassam. Aslida bunday ayollar juda ko‘p bo‘lgan. Zamon o‘zgarib, ayollarga nisbatan har xil fikrlar paydo bo‘ldi. Lekin men yoshligimda, ammalarim, buvilarimda ana shunday jasoratni ko‘rganman. U ayollar boshqacha bo‘lishgan. Ular jasorat qilyapman deb yashamagan.

Hozirgi kunimizga taqqoslasak, ularning bor hayoti jasoratdan iborat bo‘lgan ekan. Ular nihoyatda vafodor bo‘lishgan. O‘z oilasiga, turmush o‘rtog‘iga, farzandlariga va albatta, tug‘ilgan vataniga, yurtiga sadoqat bilan xizmat qilgan. Zulfiya aya kelinlariga «Men sizlardan roziman. Yaxshi inson bo‘lsa, boshqa bilan turmush qurishlaring mumkin», deganida kelinlari bunga rozi bo‘lishmagan. Ular millat qadriyatlarini ardoqlagan ayollar bo‘lgan. Ular jasorat qilyapmiz deb o‘ylashmagan. Bu ularning yashash tarziga aylangan. Xuddi shunday Zulfiya aya ham o‘sha ayollarning biri hisoblanadi.

Alloh bandalariga sabriga qarab sinovlar yuborar ekan. Bu ayolda shu qadar sabr-bardosh, shu qadar iroda kuchli bo‘lganki, u beshta farzandi o‘limini shu qadar matonat, chidam bilan qarshi olganki, ana shu sabr-bardoshi bilan farq qiladi boshqa ayollardan.

– «Ilhaq» filmidagi ona obrazingiz oldingi rollaringizdan nimasi bilan farq qiladi?

– Faoliyatim davomida bir necha bor ona rollarini o‘ynaganman. Umuman aytganda, ona obrazi, onalik mohiyati bilan bir-biriga juda o‘xshash. Ona yo jizzaki bo‘ladi, yoki jahldor, yoki farzandlarini tushunmaydi yoki o‘ta mehribon bo‘ladi. Lekin baribir u o‘zini farzandi uchun jon berishga tayyor xilqat. Ona shunday vujud. Farzandlari uchun hamma narsaga tayyor, hatto, o‘limga ham.

«Ilhaq» filmidagi ona obrazi hayotiy voqealigi bilan farq qiladi. Ya’ni, Zulfiya aya hayoti voqeaviy haqiqat. Uning suratini ko‘rdim. U haqidagi gaplarni eshitdim. Uning o‘g‘illari suratini ko‘rdim. U hayotiyligi, matonati bilan avvalgi rollarimdagi ona obrazlaridan tubdan farq qiladi.

– «Ilhaq» filmida urush davrida Zulfiya aya boshiga birin-ketin fojialar kela boshlaydi. Bu tuganmas iztiroblarni ekranda ketma-ketlikda aks ettirish, iztiroblar bir-biriga o‘xshab qolmasligi uchun nimalarga ahamiyat berdingiz?

– Odatda, biror rolda o‘ynashdan oldin uning xarakterini chizib chiqaman. Lekin bu rolda men shunchaki yashadim. Go‘yoki, bu voqealar meni boshimda sodir bo‘layotgandek, o‘sha mash’um urush muhitiga tushib qolgandek taassurotda yashadim. Har bitta voqea insonga o‘z ta’sirini o‘tqazadi. Birinchi shiddat, xursandchilik bilan yoki quvnoqlik bilan gapiriladigan gap baxtsizlikdan keyin uning ohangida ko‘z qarashlarida uning yurishida o‘zgaradi. Shuning uchun mana shu ssenariyga qarab, uning hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabat bildirib bordim. Har bir iztirob jarayonida uning butun holati, ovoz ohangi, ko‘z qarashlari, yurishlari, hamma-hammasi o‘zgarib boradi.

– Filmda sizni eng ta’sirlantirgan va eng qiyin kechgan epizod qaysi bo‘ldi?

– Filmda qiyin kechgan epizod yo‘q-ku, lekin meni juda ta’sirlantirgan epizod bor. Rejissyor bilan birinchi shu film haqida, ona obrazi haqida gaplashganimizda menga birinchi suhbatlarida aytgan gaplari juda qattiq ta’sir qilgan edi. Keyin farzandlaridan ham eshitdim shu xususiyatlarini.

Ona o‘zining dardini, azobini berkitib, hech kimga ko‘rsatmas ekan. Bolalarim azob tortmasin, bolalarim ortiqcha qiynalmasin deb, kelinlarim atrofdagi odamlar qiynalmasin deb, ona dardini yig‘ib-yig‘ib, hamma uxlaganda yoki hali uyg‘onmasdan sekin chiqib ketar ekan-da, Chirchiq daryosi bo‘yiga borib, dodlab-dodlab yig‘lab yuragida yig‘ilgan butun alamlari azoblarni o‘sha suvga to‘kib-to‘kib keladi ekan.

Rejissyor filmni suratga olishdan oldin ushbu voqeani shunday so‘zlab bergan ediki, menga juda qattiq ta’sir qilgandi va shu epizodni olish jarayonida menga hech qanaqa tushuntirish, rejissyorning ko‘rsatmasiga ham hojat qolmadi. Bu epizod uzoqdan olingan kadr bo‘lgan. Uzoqdan yurib keladi uyidan chiqib. Umumiy planda olingan kadrda yuz-ko‘zlarim ko‘rinmaydi. Lekin ko‘rinamanmi-ko‘rinmaymanmi, bu epizodni shu darajada chuqur his qilib, shu darajada ta’sirlanib ijro etganmanki, o‘sha daryo yoqasiga yurib, «Ey, xudo», deya Allohga iltijo qilib, vafot etgan o‘g‘illarni ismini aytib, faryod qilgan joyimda qattiq ta’sirlanganimdan ichimdan qaynab kelayotgan ona faryodi ovozimni bo‘g‘ib qo‘ydi.

Rolga astoydil berilib ketganimdan rejissyor kelib, «Dilorom opa nima qilyapsiz? Bo‘ldi, bu epizod olindi. Buyoqda hali qancha syomkalar bor. Unaqa qiynalmasdan oddiyroq ijro qilsangiz ham bo‘lardi», – dedi. Shu yerda men «Bu rolni azoblanmasdan, yig‘lamasdan ijro qilib bo‘ladimi, Jahongir?», – dedim. Keyin uning ta’siridan ancha paytgacha chiqa olmadim. Mana shu sahna meni eng ta’sirlantirgan epizodlardan biri bo‘lgan.  

– «Ilhaq» filmi g‘oyasi sabr-matonat, jasorat haqida. Bugungi kunda xalqimiz boshiga turli balo-ofatlar, sinovlar tushmoqda. Bunday paytda xalqimizga qanday dil izhorlaringizni bildirgan bo‘lar edingiz?

–  Bugungi kunda butun dunyoda, yurtimizda ro‘y berayotgan hodisalar haqida televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib bormoqdamiz. Ba’zan shunaqa musibat odamlarni qandayligini, insoniy xususiyatlarni ko‘rsatib beradi. Kimni qandayligi ayon bo‘ladi.

Urush paytidagiga qaraganda hozir ming marta sharoitlarimiz yaxshi. O‘sha paytda ularga juda qiyin bo‘lgan. Hamma odamlar g‘alaba uchun o‘z hissasini qo‘shgan. San’atkorlar frontlarga borib konsertlar berishgan. Frontortidagilar topgan tutganini eshelonlarga ortib yuborishgan. Urush qahramonlari esa urush maydonlarida jon olib, jon bergan.

Ba’zan to‘qchilik paytda odamgarchiliklar yo‘qolarmikan, deya o‘ylayman. Bir-birini dardini anglash yo‘qoladi. Mana shunday sinovli kunlarda o‘zbek millati, o‘zbek xalq kimligini ko‘rsatgan. Ular bu ofatlarni yengish uchun birgalikda kurashmoqda. O‘zbek millati har qanday ko‘rgulikka bardoshli, har qanday sinovni mardonavor yengib o‘ta oladi. Men bunga ishonaman. Men mana shu matonatli, oliyjanob xalqning farzandi bo‘lganimdan g‘ururlanaman. Shunday mehridaryo-saxovatpesha xalqim borligidan faxrlanman.

Lobar Xayrullayeva suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring