Buxoroda ham baxshichilik rivojiga yo‘l ochilmoqda (foto)
Surxondaryoda bo‘lib o‘tayotgan I Xalqaro baxshichilik san’ati festivali Buxoroda ham qadimiy baxshichilik va dostonchilik san’atiga asos solib, uni yangi bosqichda yuksaltirib, viloyatda baxshi-shoirlar ijodiy maktabini yaratishda dasturilamal bo‘ldi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Kenjayev ma’lum qildi.
—Buxoroyi sharifda san’atning turli yo‘nalishlarida e’tirofga sazovor betakror ishlar amalga oshirilgan bo‘lishiga qaramay, baxshichilik san’ati endi-endi ko‘z ochmoqda. Ushbu yirik anjuman Buxoroda ham baxshilar maktabini yaratishimiz uchun juda katta turtki bo‘ldi. Milliy qadriyatlarimizni tiklab, yuksak badiiy ijod asosida yaratilgan nomoddiy meros durdonalarining qadimiy an’analarini rivojlantirish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz,—dedi viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Kenjayev.
Birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivali munosabati bilan tashkil etilgan Buxoro paviloni Anjumanga turli viloyatlar hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar e’tiborida bo‘ldi. «Mavji Buxoro» folklor jamoasi, «Buxoro go‘zallari» raqs dastasi, teatrlashtirilgan tarixiy shaxslar siymolar, havoda muallaq turuvchi darveshlar chiqishlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Xalq amaliy bezak san’ati turi—zardo‘zlikda shuhrat qozongan usta hunarmand Nodir Rasulov, patdo‘z Feruz Jo‘rayev, mis-kandakor Jasur Qosimov, ipak-gilam to‘qish hamda kashtachilik chevarlari Surayyo Halimova, Vazirabonu Atoyeva va boshqa hunarmandlarning ko‘rgazmalari vohaning o‘ziga xosligi namoyon etdi.
Festivalda buxorolik ishtirokchilar tomonidan «Nodir kitoblar» kutubxonasi tashkil etilib, nodir kitob hamda qo‘llanmalar bilan boyitildi. Nodir xalq dostonlari va termalari audio, video shakllarda yozilib, tashrif buyurganlarga tarqatildi.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter