Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulistondagi baxshichilik festivali yakuniga yetdi. U bizga nima berdi?

Gulistondagi baxshichilik festivali yakuniga yetdi. U bizga nima berdi?

Kecha uchinchi Baxshichilik festivali yakuniga yetdi va endi bemalol uning yakunlari haqida gaplashsak bo‘ladi. Quyida shaxsan o‘zimga yoqqan va yoqmagan jihatlariga to‘xtalib o‘taman.

Ijobiy jihatlar
Festival Guliston shahrida o‘tkazilishi ma’lum qilinganda ko‘pchilikda, shu jumladan menda ham katta shubha paydo bo‘lgan edi – katta tadbirlarni o‘tkazish tajribasi bo‘lmagan viloyat 32 ta davlatdan keladigan mehmonlarni kutib olishni uddalarmikan?

Guliston uddaladi! Uddalaganda ham ba’zilardan ko‘ra yaxshiroq uddaladi. Shaxsan o‘zimga tashkilotchilikda sanitariya normalariga rioya qilingani juda yoqdi. Festival o‘tkazilgan joy atrofida bir nechta vaqtinchalik hojatxonalar tashkil qilindi, gastronomiya ko‘chasidagi har bir oshpazlik burchagi uchun alohida sanuzel qilib berildi. Yana bir yangilik - har bir oshpazlik o‘chog‘iga tabiiy gaz tortib borildi, oqibatda avvalgilardan farqli o‘laroq tutun, chang va chiqindilardan xoli, toza-ozoda festival ko‘rdik.

Yoqmagan tomoni
Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek, albatta bu tadbirning yoqmagan tomonlari ham bo‘ldi. Masalan, festival o‘tkazilgan drama teatri atrofida gir aylana sahnalar qo‘yilgani oqibatida shunaqa shovqin-suron ko‘tarildiki, tomoshabin qay birining oldiga borishni ham bilmay qoldi. Aslida bu muammo bir Guliston emas, boshqa joylarda ham kuzatilgan. Shunchaki, bu yerda sahnalar orasi yana ham tor bo‘lib qolgan ekan.

Menimcha, shuncha ovoragarchilik qilib festival o‘tkazilgandan keyin xalq uchun tashkil etiladigan sahnalarni shaharning turli burchaklariga o‘rnatish yaxshiroq bo‘lardi. Shunda ijrochi ham, tomoshabin ham ko‘proq zavq olarmidi.

Yakunda
Festivaldan o‘zimiz uchun ko‘p narsa oldik. Turli madaniyat vakillarini bir sahnada ko‘rish har doim qiziq bo‘lgan, masalan menga Yoqutiston, Gruziya, Indoneziya va Pokistondan kelgan ijrochilarning chiqishlari juda yoqdi.

Bu kabi tadbirlar yurtimizning imidjini ko‘tarish uchun xizmat qiladi, kamchiliklar esa yil o‘tgani sari kamayib boraveradi. Muhimi, to‘xtab qolmasak bo‘lgani.

Zafar QOSIMOV
Guliston - Toshkent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring