Grigoriy Lepsning Toshkentdagi konserti ikkinchi marta bekor bo‘ldi. Sotilgan chiptalar uchun kim javob beradi?
2018-yil 27-fevral kuni Rossiya xalq artisti Grigoriy Leps Toshkent shahrida konsert berishi haqidagi xabarlar yil boshidanoq shov-shuvga aylandi. 20-yanvardan esa chiptalar sotuvi yo‘lga qo‘yildi.
O‘sha paytda chiptalar narxi o‘rtacha 300 ming so‘m ekanini «Olx.uz» saytida joylashtirilgan e’londan ham bilib olish mumkin. Bizga murojaat etgan fuqaroning aytishicha, u ham ishxonasidan pul o‘tkazish orqali fevral oyida 250 ming so‘mdan 2 ta chipta sotib olgan. Lekin «Istiqlol» san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan konsert bekor qilindi. Sababini hech kim rasman tushuntirmadi va 26 martga ko‘chirilganini aytishdi.
Bugun, 26-mart kuni Grigoriy Lepsning konserti bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo xonandaning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Toshkentdagi konsert tashkilotchilarning aybi bilan bekor bo‘lganini yozdi.
«MyDay.uz» saytining xabariga ko‘ra, bugungi konsertning chipta narxlari 120 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha belgilangan. Lekin nimaga bekor bo‘lgani haqida yana hech qayerda rasmiy ma’lumot yo‘q va chiptalarni qaytarib olib ketish mumkinligi aytilib, iste’molchilardan kechirim so‘ralgan biror-bir xabarni topa olmadik.
Biz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Istiqlol» san’at saroyi kassasiga (+998 71 245-92-51) qo‘ng‘iroq qildik. Kassadagi xodim konsert ikkinchi bor bekor qilinganini tasdiqladi va may oyiga ko‘chirilganini qo‘shimcha qildi. Nega bekor qilinganini bilmasligini, tashkilotchilar bilan bog‘lanishimizni aytdi. Xodim bergan 245-02-67 raqamiga harchand urinmaylik, bog‘lana olmadik.
Shundan so‘ng «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining matbuot xizmatiga bog‘landik. Muassasa saytidagi Muzaffarbek Sayfullayev ismi bilan uning telefon raqamiga (+998 71) 234-60-47) sim qoqdik. Go‘shakni olgan xodim M.Sayfullayev boshqa xonada o‘tirishini aytib, raqamini berdi. U raqam esa, afsuski, faksga ulangan ekan. Xullas, ular bilan ham bog‘lana olmadik.
Grigoriy Leps-ku mayli, boshqa yurtda yashaydi. O‘zbekistondagi odatlarni va «odatlar»ni bilmasligi mumkin. Tashkilotchilarning texnik xatosi tufayli deb yozgan va muxlislardan uzr so‘ragan. Uzr so‘rash madaniyati ularda yaxshi shakllangan.
Lekin «Istiqlol» san’at saroyi ma’muriyati va «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi bekor bo‘lgan har ikki konsert bo‘yicha biror rasmiy ma’lumot bermagan. Iste’molchilar uchun keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘rash haqida hozircha gap bo‘lishi mumkin emas.
Sotilgan chiptalarning pullari qayerda, ular qachon va qay tarzda egalariga qaytariladi (uzoq joydan kelgan muxlislar ham bo‘lishi mumkin)? Konsert dasturi nima uchun ketma-ket ikkinchi marta bekor bo‘ldi? Har ikki muassasadan ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh kutib qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter