Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gollandiyada otilgan 101 nafar o‘zbekka bag‘ishlab kino ishlanadi. Film budjeti — 7 million dollar

Gollandiyada otilgan 101 nafar o‘zbekka bag‘ishlab kino ishlanadi. Film budjeti — 7 million dollar

Foto: «bbc.com»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24-iyuldagi milliy kinosanoatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga ilova qilingan «Yo‘l xaritasi»da 2020-yil fevraliga qadar «101» nomli badiiy film suratga olish haqida ko‘rsatma berilgan, deb xabar bermoqda «Daryo»ning telegramm kanali.

Ikkinchi Jahon urushida fashizmga qarshi kurashda qatnashgan o‘zbekistonliklar nomini abadiylashtirishga bag‘ishlangan film «101» nomli roman asosida suratga olinadi.

Reja bo‘yicha, 2019-yil yanvariga qadar film ssenariysi tayyorlanishi, 2019-yil fevral-may oylarida suratga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilishi, iyun-sentyabr oylarida film O‘zbekiston va Gollandiya kinoijodkorlari ishtirokida suratga olinishi, 2019-yil oktyabridan 2020-yil yanvarigacha montaj ishlari bajarilib, tayyor film topshirilishi kerak. Suratga olish ishlari O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya va Gollandiyada bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik bu 101 qahramon sharafiga 2020-yil aprelida yodgorlik (haykal) ham o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Film va haykal o‘rnatilishi uchun kamida 7 million dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Konslagerdagi 101 vatandoshdan atigi bir fotosurat (yuqoridagi) va ikki portret qolgan. Foto: «bbc.com»

«Daryo»ning yozishicha, Gitler Germaniyasining Gollandiyadagi Amersfoort konslageriga 1941-yili Smolensk yaqinida asirga olingan 101 sovet askari olib kelingan — ularning bari o‘zbekistonlik edi. Ularning 24 nafari 1941-yilning qahraton qishida halok bo‘lgan, qolgan 77 nafarini esa, kuchsizlanib, biror ishga yaramay qolganidan so‘ng, konslager yaqinidagi o‘rmonga olib chiqib, otib tashlashgan... Bu voqea — 101 o‘zbek haqida birinchi bo‘lib 2017-yil mayida Gollandiyadagi tarixchilar, arxivshunoslarga asoslanib «Bi-bi-si» yozgan.

Prezident qarori bilan Ikkinchi Jahon urushi haqidagi yana bir — «Qahramonlar» nomli film ham suratga olinadi. U shu nomli roman asosida ishlanadi. Romanda o‘zbekistonlik mayor Maksumov xitoylik yetim bola Vey Lini qanday mohir razvedkachi qilib yetishtirgani haqida hikoya qilinadi. Film 2019-yil sentyabrigacha tayyor bo‘lishi kerak, 2020-yil mayida esa mayor Maksumov va uning shogirdi Vey Li sharafiga, Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab, haykal o‘rnatilishi kerak. «Qahramonlar» loyihasining umumiy qiymati — 10 million dollar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring