Eshqobil Shukur ijodiy kechasi: Yer, el, she’r sog‘inchi
Zamonning shiddatini his qilayapsizmi? Hamma narsa tezlashganday. Ilgari ota-bobolarimiz olti oyda yetib borgan Oltoyga bugun olti soatga qolmay yetib borish mumkin. Otabekning Kumushga yozgan maktubi dovon oshib egasining qo‘liga yetguncha necha kun o‘tgan bo‘lsa, bugun Marg‘ilon yo Qizilkarvondagi yaqinlarimiz bilan telefonda nafaqat gaplashish, balki diydorlashishning ham imkoni bor. Dunyoning narigi chekkasida yuz bergan voqea haqidagi xabar zum o‘tmay kompyuterimiz ekranida paydo bo‘ladi. Bularning bari, shubhasiz, taraqqiyotning samarasi.
Ammo tezlikning orqasidan quvib ko‘p narsalarga ulgurmayapmiz. O‘zligimizdan uzoqlashib ketayapmiz. Uzoqdagi yaqinlarimizni sog‘inmay qo‘yganimiz, o‘zimiz uchun yashashga vaqt topolmayotganimiz shundandir ehtimol. Holbuki, shu kunlarda Furqat bobo yozganiday «do‘stlar, g‘animatdir, sayr eting gulistonlar...».
Kecha men uchun o‘zgacha bir kun bo‘ldi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida shoir Eshqobil Shukur talabalar, muallimlar oldida to‘xtamay bir soat she’r o‘qidi. Ish, yumush, tashvishlarga andarmon ko‘ngillarni osmonlarga ko‘tarib qo‘ydi. Mana endi yerga tushgim kelmayapti deb shu satrlarni yozib o‘tiribman...
O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozovning qo‘shiqlarini tinglab bir zavqimiz ikki bo‘ldi.
Hasan Karvonli,
«Xabar.uz» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter