Saida Mirziyoyeva: «Bolalikka qaytgandek bo‘ldim» (foto)
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi AVS Design (Latviya) nashriyoti bilan birga «Muzey qanday tuzilgan» bolalar kitobining o‘zbek tilidagi moslashtirilgan tahririni nashrdan chiqardilar.
Shu munosabat bilan bugun Toshkent Politexnika muzeyida ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kitobda rassom David Byom va matn mualliflari Odrjey Xrobak, Rostislav Korichanek va Martin Vaneklar o‘quvchilarni muzeylar tarixi bilan tanishtiradi, ularga muzeyning nima ekanligi, qanday tashkil etilgani va unda kimlar ishlashi, san’at asarlari qaysi prinsipda namoyish etilishi, ko‘rgazmalar qanday rejalashtirilishi haqida aytib beradi.
— Muzeylar tarixi haqida bolalar uchun illyustratsiyalarga boy kitob yosh kitobxonlarni san’at muzeylari va galareyalar olamiga taklif etadi, — deydi kitob taqdimotidagi nutqida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatni va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Kengashi raisining o‘rinbosari, loyiha rahbari Saida Mirziyoyeva. — Bu kitob orqali bolalar rejalashtirilgan yoki istamagan holda muzeyga bormaydilar, balki o‘zlari qiziqib, o‘z xohishlari bilan boradilar. Men bolalarga kitob o‘qing, muzeylarga boring, muzeylarni asrang, deyman. Kitob nafaqat bolalarni, kattalarni ham qiziqtiradi, farzandlari bilan muzeylarga tashrif buyurishini doimo eslatib turadi. Bugun men ham farzandlarim bilan muzeyga tashrif buyurdim. Bu kitobni juda qiziqish bilan o‘qidim, bolalikka qaytgandek bo‘ldim.
— Hozir hamma narsa avtomatlashtirilgan, — deydi o‘z so‘zida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — Kitobni qo‘limga olishim bilan muzeylarning ahamiyati haqida yanada katta taassurotlarga ega bo‘ldim. Kelajakda hamma vazifalarimizni robotlar bajaradi. Odamni robotga aylanishidan san’at va madaniyat qutqaradi, mana shunday muzeylar qutqaradi. O‘g‘il-qizlarimiz yoshligidan muzeylarga tashrif buyursa, san’atni, o‘tmishni qadrlashni o‘rganadi, o‘z navbatida farzandlarini ham muzeylarga olib borishadi.
Taqdimotda Maktabgacha ta’lim vaziri Agreppina Shin va Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori Gayane Umerova ham ushbu kitob haqida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun yana shuni aytish mumkinki «Muzey qanday tuzilgan» kitobi Moraviya galereyasi (Brno, Chexiya)ning tashabbusi bilan birinchi marta nashr etilgan. Kitobning rus tilidagi tahriri «Garaj» zamonaviy san’at muzeyi va Ad Marginem nashriyotining qo‘shma bosma dasturidir. Ushbu kitob Bolonyada o‘tkazilgan xalqaro bolalar kitobi yarmarkasida (Bologna Cildren s Book Fair) g‘olib bo‘lgan.
Taqdimot doirasida Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov va Maktabgacha ta’lim vaziri Agreppina Shinga sertifikatlar topshirildi.
E’tiborlisi, kitob respublikamizdagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga ma’lum miqdorda tarqatilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter