Bollivud filmlari va kliplari O‘zbekistonda ham suratga olinadi
«3rd Rock multimedia» prodyuserlik kompaniyasi Hindistonda katta mavqega ega bo‘lib, bir qator taniqli hind san’atkorlari bilan hamkorlik qiladi. Ushbu kompaniya tomonidan suratga olinadigan videomahsulotlar «YouTube»dagi 30 mln. kishiga yaqin a’zolari bo‘lgan «T-Series» kanalida namoyish etiladi.
Kompaniyaning marketing bo‘limi rahbari janob Raj Surining ta’kidlashicha, hindistonlik qo‘shiqchilarning kliplarini O‘zbekistonda suratga olish, mamlakat turizmi rivojiga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Bu haqda «O‘zbekkino» MA axborot xizmati xabar berdi.
Mumbayning «Dimaz Agastyaa Productions Private Limited» kinokompaniyasi esa 1990 yillardan boshlab MDH mamlakatlari bilan sayyohlik, yuk tashish va filmlar suratga olish sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu kinokompaniya vakillari Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastrining hayotiga bag‘ishlangan qisqa metrajli filmning ba’zi lavhalarini O‘zbekistonda suratga olish taklifini bildirishmoqda.
Mazkur film Lal Bahodur Shastrining hayoti va faoliyatini o‘rganayotgan yosh jurnalist haqida bo‘lib, unda «Toshkent shartnomasi» va Lal Bahodur Shastrining Toshkent shahridagi vafoti haqida hikoya qilinadi.
Uchrashuvda har ikki masala yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter