Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz fonogrammasiz aytamiz, siz ham fonogrammasiz yashang»  yoxud Sevara Nazarxon konsertidan keyingi o‘ylar

«Biz fonogrammasiz aytamiz, siz ham fonogrammasiz yashang»  yoxud Sevara Nazarxon konsertidan keyingi o‘ylar

Фото: sevara.ru

Bugun, aniqrog‘i kecha Sevara Nazarxon bilan dardlashgani bordim. Konsertga.

Cyevarasi tushmagur juda aqlli konsert qo‘yadi. Kimga armon bo‘lgan baxtini eslatadi, kimga yonida bo‘lgan baxtini eslatadi. Kimga dardlarini unuttiradi, kimga esa yangilab beradi o‘sha dardlarni.

Bu safar o‘tgan safargidan boshqacha bo‘ldi. 

Tashabbus mendan chiqmadi.

Chiptani men olmadim.

O‘sha yashil kurtka egasi sovg‘a qildi. Bu safar u yashil kurtkasini kiymadi.

Menam yig‘lamadim. O‘tgan safargidek «kurtkani ho‘l qiladigan» darajada yig‘laganim yo‘q.

Katta qiz bo‘lib qolibman shekilli.

***

Aldabman, uzr. Hozir esga tushdi. «Hayot qizg‘onmagin yorug‘laringdan»ni tinglaganda yuragim ezilib, ko‘zim g‘iltillab o‘tdi bir.

Aldabman, uzr. Yana esga tushdi. Sevara qay bir qo‘shig‘ida «o‘zimni o‘zimdan saqlay olmadim», deb aytganida ichimdan bir titrab ketganim rost.

«Miyam og‘ir ranglarga to‘la...»ni aytganida jo‘r bo‘lib kuyladimu nega bu qo‘shiqni yod bilishimni eslab, miyam og‘irlashib ham ketgani rost. She’r tanlashda didli men sevgan Sevara men sevgan Usmon Azimdan ko‘p so‘z aytdi bugun.

Zamon barvaqt bo‘lmay deb taslim –
Yolg‘on so‘zga pinhon suyangan…
Men zamonning eng asl rasmin
Pinhon o‘rab qo‘ydim miyamga.

Bu she’rni, bu she’r aytilgan qo‘shiqni jim tinglab bo‘ladimi? Asli ho‘ngrab yig‘lash kerakku...

«Qarg‘alar uchsa qaraylik»ni kuylaganda, Marg‘ilondan Sibirga ketgan 123 ming o‘zbek o‘g‘lonining armonlarini eslatib yurakni qiyma-qiyma qilgan nay va paranji kiygan Sevaraning xonishidayam yana bitta tomchi dumalagani rost. Sevarasi qurmag‘ur xotiralar haqida konsert qo‘yadi.

Ha, bilaman, mo‘ltirab har kun
Yo‘llarimga ma’yus boqasan
Men emas, tun keladi mahzun
Umid yulduzlarin yoqasan...

Butun zal birga kuylagan bu qo‘shiq men uchun boshqacha. Men uni shu paytgacha yuz ming marta eshitgan bo‘lsam kerak...

Hazillari o‘ziga yarashgan, har bir muxlisni quchoqlab qo‘yishdan erinmagan, har bir bolani bag‘riga bosgan, almoyi-aljoyi kiyimlari o‘ziga yarashgan, raqsi o‘ziga yarashgan, shiringina o‘zbek tili va ruschasining poppurisi o‘ziga yarashgan Cyevara madaniyatli konsert qo‘ydi. U minorda ham, majorda ham bugun benazir edi. Maqomda ham, popsada ham iste’dodini ko‘rsata bildi. «Yesli ti uydyosh» qo‘shig‘ida dunyo metrlarini, «Ulug‘imsan, Vatanim» da o‘zbek ziyolilari va iftixorlarining suratlarini ko‘rsatib, dunyo va o‘zbek tarixiga hurmatini ifodaladi.  Onasiga chuqur ehtiromini ko‘rsatdi — Sevara Nazarxonning onasi Muhtaram Beknazarova rubobda  «Tanovor»ni chaldi.

«Bir kam dunyo» qo‘shig‘ida esa Ona tabiat, Odamizot, dunyodagi mingyillik taloto‘plar va Ukrainadagi urushning odamlar taqdiridagi izlari suratlarda ko‘rindi. Juda kuchli ijro bo‘ldi bu. Konsert davomida  «dunyoni faqat umid, muhabbat va ishonch (iymon) «qutqaradi»  degan messejni yetkazishga qayta-qayta uringan Sevarani inkor etib bo‘lmasdi. «Hali ko‘plar tushunib qolar yurt sevmoqlik bahosin» dedi yana boshqa  qo‘shig‘ida.

Bu safar Sevara meni yig‘lata olmadi, rost.  Undan-da kuchliroq hissiyotga boshladi: O‘ylatdi. O‘ylatdi. O‘ylatdi.

Uning har qaysi yangi va eski qo‘shig‘i 33+ hayotimning qaysi davriga, qaysi voqeasiga mos kelishi haqida o‘ylatdi. Odam necha yoshda bo‘lsa-da, qozon-tovoq ichida bo‘lsa-da, bir etak bolasi bo‘lsa-da, doim ham yoki umuman aytishga imkoni bo‘lmasa-da, M-ye-n-i-s-ye-v  deyaverarkan.

Odam o‘z yutuqlariga o‘zini sababchi, xatolariga boshqalarni aybdor bilaverarkan. Ikkilangan men, ikki standartli men, ikkita menni bir-biriga qarshi soldi. O‘ylatdi. O‘ylatdi. O‘ylatdi.

«Inson Yaralmishning eng chala joyi... » degan qo‘shig‘i bu ikkilanishni yana kuchaytirdi:

«...Goho o‘zim bilan, o‘zga bilan goh,
Dunyongni bilmasdan – bahslashdim o‘jar.
Ko‘zim ochiq chog‘da, Parvardigoro,
Zarramni qoldirmay olsangchi o‘lja...

Deraza ortida bahor —  mukammal.
Inson—yaralmishning eng chala joyi
Huddi butun kabi turar bu mahal –
Bahorga boqaru, yig‘lar, «Xudoyim!.. » (Usmon Azim)

«Biz fonogrammasiz aytamiz, ciz ham fonogrammasiz yashang», dedi Sevara muxlislarga qarata.

Bu ko‘pincha ilojsiz, Cyevara, dedim ichimda. 

Mayli, biroz pozitivlashaman: ba’zan ilojsiz, Cyevara.

Ochig‘ini aytsam, umuman imkonsiz, Sevara.

Bugungi «o‘zim bilan o‘zim»  suhbati uchun rahmat, Cyevara.

Aziza Qurbonova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring