Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir necha daqiqalardan so‘ng «Sharq taronalari» festivali boshlanadi

Bir necha daqiqalardan so‘ng «Sharq taronalari» festivali boshlanadi

Foto: Xabar.uz

Samarqand «Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivaliga tayyor! Mutasaddi tashkilotlar bu haqda xabar tarqatdi. Shahar ko‘chalari hilpiragan bayroqlar, festival logotiplari, gullar bilan bezatilgan. Lekin, ertalabdan Samarqandning ayrim ko‘chalarida vaqt-vaqti bilan transport harakatida cheklovlar kuzatilmoqda. Bu jamoat tartibini saqlash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan izohlandi.

Har ikki yilda muntazam o‘tkazilgan anjuman pandemiya tufayli to‘xtab qolgan edi. Mana, besh yildan so‘ng yana o‘tkazilmoqda. Bu yil tayyorgarlik ishlari odatdagidan kechroq boshlangan bo‘lsa ham, Vazirlar Mahkamasi tashkil etgan shtabda barcha vazifalar nazoratda bo‘lgani va barcha jihatlarga ulgurilgani ta’kidlanadi.

Madaniyat vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, bu yilgi festivalda 80 ga yaqin davlatdan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi. Shuningdek, festivalga qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari, oliy martabali mehmonlar tashrifi ham kutilmoqda.

Bugun ertalabdan mehmonlarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish uchun maxsus guruhlar ish olib bormoqda. Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerak, ko‘plab xorijiy davlatlardan mehmonlar Turkiya orqali kelishini hisobga olgan holda Istanbuldan qo‘shimcha aviareys qatnovi tashkil etilgan. Shuningdek, Toshkentdan ham avia, temiryo‘l va avtobus harakatida qo‘shimcha maxsus reyslar qo‘yilgan.

Tayyorgarlik jarayonida, festivalning bosh sahnasi sifatida Registon maydonida muvaqqat amfiteatr qurildi. O‘zbekistondagi taniqli madaniyat va san’at namoyandalari, rejissyorlar hamkorlikda anjumanning ochilish marosimi chiroyli, sermazmun o‘tishi uchun qariyb bir oy davomida faoliyat olib bordi. Ochilish marosimidagi ommaviy sahnalarda 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivali oldidan Registon maydoni va uning atrofida, shuningdek, butun shahar bo‘ylab 600 ming tupdan ortiq gul, 100 ming tup buta ko‘chatlari ekilgan. 1500 ta tungi yoritish chiroqlari va projektor, 1250 metr bezakli chiroqlar o‘rnatilgan. Shahar va uning atrofidagi 28 kilometr yo‘llar festival ruhiga mos tarzda bezatilgan. Tadbirlarga tayyorgarlik jarayonida 5,5 kilometr yo‘l asfalt qilingan va 12 kilometr piyodalar yo‘laklari tartibga keltirilgan.

Festival ishtirokchilari tanlov dasturidan tashqari vaqtda Samarqand shahri va yaqin tumanlardagi to‘qqiz joyda, istirohat bog‘lari, amfiteatrlarda konsert dasturlarini namoyish etadi. 

Xalqaro ilmiy konferensiya va boshqa bir qator tadbirlar Samarqand xalqaro turistik markazi va “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazilishi munosabati bilan mazkur maskanda ham tayyorgarlik ishlari olib borilgan. 

Festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun viloyatdagi tarixiy-madaniy obidalar, muzeylar, bozorlar va yangi turistik maskanlarga sayohatlar ko‘zda tutilgan. Milliy cholg‘u asboblari, hunarmandlik buyumlari, milliy liboslar ko‘rgazmalari tashkil etiladi. 

«Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivali rasman bugun soat 19 da ochilishi kutilmoqda.

M. Tangriyorova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring