Barot Isroil: «Toma-toma ko‘l bo‘lur, deganlari rost ekan...»
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «Do‘rmon» madaniyat saroyida taniqli shoir, Ohangaron vohasi bulbuli Barot Isroilning 80 yillik yubileyi o‘tkazildi. O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir olib borgan nazm va navo kechasida shoirning do‘stlari, safdoshlari, muxlislari jamuljam bo‘ldi.
Barot Isroil o‘tgan asrning 60-yillarida adabiyot maydoniga kirib kelgan iste’dodli avlodning yorqin namoyandalaridan biridir. Uning o‘nlab she’rlari xalqimiz qalbidan chuqur joy egallagan o‘lmas qo‘shiqlarga aylangan. U respublika radiokomitetida faoliyat ko‘rsatgan yillaridan boshlab bastakorlar bilan faol hamkorlik qilib keladi. Barot Isroil radiokomitet huzuridagi badiiy kengash a’zosi sifatida ko‘p yillar samarali faoliyat olib borgan, buyuk hofizlarning bebaho san’at namunalari oltin fondga yozib olinishida munosib ishtirok etgan.
Tadbirda so‘z olgan adabiyotshunoslar, san’atkorlar ustoz ijodkorning asarlari va insoniylik fazilatlari bayonida samimiy fikrlar bildirishdi. Xususan, taniqli adabiyotshunos, akademik Naim Karimovning adabiyotimizning bugungi zafarli odimlari bilan bog‘lab aytgan mulohazalari ishtirokchilarda katt ataassurot qoldirdi.
«Ustoz G‘afur G‘ulomning 50 yilligini o‘zbek adabiyotining ham bayrami tarzida nishonlaganmiz. Bilasizmi nega? Chunki, undan oldingi shoirlar ellikka kirmagan, afsuski, qatag‘on bo‘lib edi. Bugunning shoirlari 80 ga kirsa ham, mana, yigitdek bo‘lib turibdi... Demak, bu – adabiyotimizning baxti, yorug‘ kunlardan darak».
Naim KARIMOV, akademik
Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, shoirlar – Abdulla Sher, Haydar Muhammad, shuningdek, Ortiq Otajonov, Toshpo‘lat Matkarimov, Oybek Hamroqulov, Xayrulla Lutfullayev kabi ijodkorlar ham yubilyar sha’niga iliq fikrlar aytdilar.
Barot Isroil she’rlaridan namunalar
Yurt qadri
Darbadar kezmasa kim yurt qadrin bilmas emish,
Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmas emish.
Toma-toma ko‘l bo‘lur deganlari rost ekan,
To umrbod uqmasa kim aqli ham to‘lmas emish.
Vatan tuprog‘iga bosh qo‘ymaguncha xasta ham,
Hayotdan umid uzmay – jon taslim qilmas emish.
Sidqi dil zahmat birla baxt tomon ochmasang yo‘l,
O‘zgalar soyasinda toleying kulmas emish.
Mushkulni chetlab, cho‘chib, osonni ko‘zlama hech,
El ishidan qochsa kim obro‘yi qolmas emish.
Manmanlar ko‘kka sapchib, shunchalik ketar tuban,
To dakki yemaguncha o‘ziga kelmas emish.
Imon-e’tiqod ila Vataningni sev, Barot.
Inson zar, dunyo bilan baxtiyor o‘lmas emish.
Nastarin
Bog‘imda nastarin bor,
Gullaydi har ilk bahor.
Nastarin guli mayda,
Bunday guli bordir qayda?
Har shoxi bir guldasta,
Atriga dil payvasta.
Jimjimador gullari,
O‘ynashar bog‘ yellari.
Nastarin gul qo‘limda,
Qo‘limdamas ko‘nglimda.
Bog‘imda nastarin bor,
Gullaydi har ilk bahor.
Boychiborim, qayda qolding?
Olis yo‘lim yaqin etgan,
O‘ru qirda birdek yo‘rtgan,
Esiz ketgan, izsiz ketgan,
Boychiborim, qayda qolding?
G‘irotim, qayga yo‘qolding?
Jayhunu Sayxunni kechib,
Qimtiganda qushdek uchib,
Suvliq tishlab, o‘ynab, sapchib,
Boychiborim, qayda qolding?
G‘irotim, qayga yo‘qolding?
Alpomishing kutar bedor,
Avazxon ham yayov, nochor,
Nahot tuyog‘ingda mix bor!
Boychiborim, qayda qolding?
G‘irotim, qayga yo‘qolding?
Biror nomard berdimi pand,
Yo begona etdimi band,
Ogoh ayla, kishna baland,
Boychiborim, qayda qolding?
G‘irotim, qayga yo‘qolding?
Ulovim yo‘q, ko‘zim yo‘lda,
Egar-abzal, yugan qo‘lda,
Barot otsiz, armon dilda,
Boychiborim, qayda qolding?
G‘irotim, qayga yo‘qolding?
Bekzod Qobulov, «Xabar.uz»ning Toshkent viloyati bo‘yicha muxbiri.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter