AT «Aloqabank» «Moviy konteyner» loyihasida ishtirok etadi
Bank logotipi tushirilgan poyezd Yevropa va Osiyoning 11ta davlati va 25ta shahridan o‘tadi.
AT «Aloqabank» bilan San’at va dizayn sohasida Germaniya – Xitoy madaniy almashinuv birlashmasi (DCKD) tashkiloti o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi. Memorandumni DCKD tashkiloti rahbari Szyan Go va AT «Aloqabank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Hasan Rahmatov imzolashdi.
DCKD tashkiloti «Yangi Ipak yo‘lida moviy konteyner» loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Gretsiya, Turkiya, Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Xitoy davlatlarini qamrab olgan. Tashkilot ushbu loyiha doirasida turli kompaniya, firma va tashkilotlarni o‘z madaniy va iqtisodiy yo‘nalishlardagi salohiyatini namoyish qilish, yangi investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga sharoit yaratib beradi.
– O‘zbekiston jadal rivojlanib borayotgan davlat, – dedi memorandumni imzolash marosimida DCKD tashkiloti rahbari Szyan Guo. – Bu rivojlanishga biz ham hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz va shu sababli xalqaro darajada faoliyat ko‘rsatuvchi AT «Aloqabank» bilan «Yangi Ipak yo‘lida moviy konteyner» loyihasida hamkorlikni boshlab yubordik. Kelgusida O‘zbekistonda 5 gektarlik hududda konteynerlar asosida o‘ziga xos madaniy va iqtisodiy salohiyatni namoyish qiluvchi ko‘rgazma pavilonlaridan iborat markazni qurish niyatimiz bor. Unda loyihada ishtirok etuvchi davlatlar o‘z ko‘rgazmalari bilan qatnashishi rejalashtirilgan. 2018 yilning sentyabr oyi oxirida Toshkentda AT «Aloqabank» va boshqa hamkor tashkilotlar bilan biznes-forum, turli tadbirlarni o‘tkazamiz. Shu vaqtga kelib Germaniyadan yo‘lga chiqqan «Moviy konteyner» loyihasidagi poyezd ham Toshkentga yetib keladi. Kelgusi yilda esa poyezd Germaniyaga qarab yo‘l oladi. Ana shu vaqtda Samarqandda ham loyihamiz doirasida qator yirik tadbirlar va ko‘rgazmalarni tashkil qilamiz. Albatta, bu tadbirlar orqali O‘zbekistonga yirik investorlar e’tiborini jalb qilishni maqsad qilganmiz.
– Nima uchun «Aloqabank» ushbu loyihada ishtirok etmoqchi? – dedi bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Nasiba Nasretdinova. – Avvalo bu judayam katta loyiha. Unda Yevropa va Osiyoning 10ta davlati qatnashyapti. Bu nafaqat bankimiz, balki mamlakatimizning madaniy, iqtisodiy, turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun keng imkoniyat. Poyezdga uchta konteyner ulangan bo‘lib, aynan uchinchisiga bankimiz tasdiqlagan «Aloqabank» logotipi tushirilgan. Ushbu poyezd Yevropa va Osiyoning 11ta davlati va 25ta shahridan o‘tadi. Bu O‘zbekistonning dunyo bo‘ylab turizm, madaniy-iqtisodiy salohiyatini targ‘ib qilish uchun juda qulay imkoniyat.
Loyihada AT «Aloqabank» bilan birgalikda «UnionPay International Co.Ltd» kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va «UzCard» kompaniyasi ham ishtirok etmoqda.
– Vakolatxonamiz 2009-yili Toshkentda faoliyat boshlagan, – deydi «UnionPay International Co.Ltd» kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Dilmurod Fayzullayev. – Dunyo bo‘yicha «UnionPay»ning 7 milliard dona kartasi muomalaga kiritilgan. Ushbu kartalardan 170ta davlatda foydalaniladi. Hozirda respublikamizdagi oltita bank bilan birga ishlayapmiz. Eng katta hamkorimiz «Aloqabank» hisoblanadi. «UzSard» va «Aloqabank» bilan hamkorlikda kobeydj kartalarini ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Albatta, bu loyihada ishtirok etuvchi davlat fuqarolari va sayyohlar uchun to‘lov tizimida qator qulaylik yaratadi, o‘z navbatida, mamlakatimizga keluvchi sayyohlar uchun yaxshi imkoniyat.
«Yangi Ipak yo‘lida moviy konteyner» loyihasi start oldi. Bu o‘zaro tajriba almashish, madaniy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik o‘rnatish yo‘lida yangi qadam bo‘ladi.
Abdug‘ani Abdurahmonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter