Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Aloqabank» mukammal mobil ilovasini taqdim etdi (foto)

«Aloqabank» mukammal mobil ilovasini taqdim etdi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 26-dekabr kuni poytaxtimizdagi «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki korporativ mijozlarning bank xizmatlari to‘g‘risidagi tasavvurlarini tubdan o‘zgartiradigan strategik loyihalar konsepsiyasini havola etdi.

«Aloqabank» mutaxassislari tomonidan tashrif buyurganlarga «Aloqa Business» — mobil ilovasining afzalliklari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ushbu mobil ilova yuridik shaxslar uchun birinchi mukammal ilova bo‘lib, mijozlarga bank operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish imkonini beradi. Dastur yordamida insonlarning bank ofislariga tashriflarini minimallashtirish mumkin, boisi omonat ochilishidan boshlab, to istalagan xodimning ish haqi kartasini to‘ldirishgacha bo‘lgan barcha operatsiyalarni smartfonda amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, «Aloqa Business» ilovasi bir vaqtning o‘zida turli korxonalarning bank operatsiyalarini bajarish, g‘azna, budjet va hisoblar o‘rtasida so‘rovlar yuborish kabi funsiyalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Xususan, kredit qoldiqlari, pul o‘tkazmalari va ro‘yxatdan o‘tkazilgan korporativ kartalarni kuzatib borish imkoniyati mavjud. Aynan ushbu omillar «Aloqa Business» ilovasini muvaffaqiyatli va shaffof biznes yuritishning ajralmas vositasiga aylantirishiga katta ishonch bildirilmoqda.

«Aloqa Business» ilovasiga ulanish uchun bankning istalgan filialiga murojaat qilishingiz yoki «AppStore» va «Play Market»lardan yuklab olishingiz va taqdim etilgan login va parol bilan tizimga kirishingiz mumkin bo‘ladi. Buyurtma va so‘rovlarni tasdiqlash kodi to‘g‘ridan-to‘g‘ri SMS shaklida telefon raqamiga yuboriladi.

Ma’lum qilinishicha, yuqoridagi mobil ilovaga 2020 yilning 21 martigacha ulangan mijozlarga debit aylanmasining 50 foizi miqdorida doimiy chegirma taqdim etiladi.

Yuqori darajada o‘tgan tadbirning ikkinchi qismida «Zolotaya Korona», «Mir» kabi yirik loyihalarining vakillari so‘zga chiqishib «Aloqabank» bank bilan kelgusi hamkorlik to‘g‘risida gapirishdi.

Hozirgi kunda xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish bo‘yicha yetakchi o‘rinda turadigan «UnionPay»ning mas’ul vakili «Aloqabank» boshqaruvi raisi Kommuna Irisbekovaga «Yilning eng kreativ banki» mukofotini topshirdi.

Tadbir so‘ngida, yil davomida iqtisodiyot, moliya, investitsiya va AKT kabi mavzularni yoritgan jurnalist va blogerlarni mukofotlash uchun ta’sis etilgan «Aloqabank tanlovi» mukofotining g‘oliblariga maxsus statuetkalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring