Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aldangan yulduzning qayg‘uli hayoti

Aldangan yulduzning qayg‘uli hayoti

Bu hind aktyori o‘zbek kinotomoshabinlariga yaxshi tanish. Uning ishtirokidagi «Uch aka-uka», «Sadoqat», «Muhabbat to‘rlari» kabi ko‘plab filmlar mashhur bo‘lib ketgan. Bir qadar sokin, xotirjam qiyofaga ega aktyor rollarni qoyilmaqom ijro etardi. Kinoda zamonasining mashhurlari Amitabx Bachchan, Shashi Kapur, Rekxa, Mitxun Chakraborti bilan birga suratga tushgan Vinod Mehra qisqa umr kechirdi. U aldangan, xiyonatga duch kelgan va bundan qalbi qattiq larzaga kelgan edi.

Muvaffaqiyat va yurak xuruji

Vinod Mehra 1945-yil 31-fevralda Hindistonning Amritsar (Panjob) shtatida tug‘ilgan. Kinoda ancha erta suratga tushgan – 13 yoshida «Ragini» filmida Kishor Kumarning bolaligini ijro etgan edi.

Vinodning ulg‘aygandan keyingi debyuti 1971-yilda bo‘lib o‘tdi: uning ishtirokidagi «Ek Thi Rita» melodramasi xitga aylandi. Prodyuserlar Vinod Mehra bilan kelgusidagi  loyihalariga shartnoma imzolash uchun navbatda tura boshladilar. Uning «Sadoqat» (1972), «Havas» (1973) filmlaridagi rollari e’tiborni tortdi. Ayniqsa, «Havas» tanqidchilar tomonidan yuksak baholandi.

Vinod kinoda muvaffaqiyat bilan odimlay boshlagach, ota-onasi uni uylantirish taraddudiga tushishdi. Vinod Mina Broka bilan oila rishtasini bog‘ladi. Yosh kelin-kuyov Mumbaydagi qarorgohda yashadi. Ularning birgalikdagi turmushi haqida ma’lumot ko‘p emas, biroq to‘ydan bir necha yil o‘tgach, Vinod birinchi yurak xurujiga duchor bo‘ldi.

Uning salomatligi tiklanishi uchun vaqt talab qilinar, biroq endi er-xotinning munosabati avvalgiday emas edi. Keyinroq, Vinod tuzalgach, filmdagi hamkor aktrisa Bindiya Gosvami bilan yaqinlasha boshladi.

Pinhoniy uchrashuvlar

1970-yilning oxirlarida Bindiya va Vinod birgalikda kinoda ko‘p suratga tushishdi va yashirincha uchrashib yurishdi. Ularning ishqiy munosabati haqida juftlikning yaqin do‘sti matbuotga e’lon qildi. Vinod uylanganiga qaramay, Bindiya bilan nikoh rishtasini bog‘lagani haqida aytgan edi u.

Bu yangilik aktyorning uyida katta janjal keltirib chiqardi. Minaning akalari Gosvamiga, agar aktyorning hayotidan ketmasa, oqibati yomon bo‘lishini aytib, do‘q-po‘pisa qilishdi. Ammo bu tahdidlar sevishganlarni to‘xtata olmadi. Bindiya va Vinod oila a’zolaridan yashirincha mehmonxonalarda uchrashib yurishdi.

His-tuyg‘ulari jo‘shqinligiga qaramay, aktyor qattiq adashganini keyin tushundi. 1984 yilda, Vinodga erga tekkanidan to‘rt yil o‘tgach, 23 yoshli Bindi Gosvami rejissyor Djey P.Datt bilan qochib ketdi – ular ancha vaqtdan buyon uchrashib yurishar ekan.

Ko‘pchilik aktrisaning bu kutilmagan qarorini 1980-yil o‘rtalarida aktyorning kinodagi faoliyatiga putur yetgani bilan izohlaydi, Vinod Mehra endi bir vaqtlardagi yulduz emas edi.

Vinod bilan nikohi bekor qilingan Bindiya darhol rejissyorga turmushga chiqdi. Uning ketishi Vinodni qattiq qayg‘uga soldi. Aktyor ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay yurdi. Bu Rekxa bilan yaqinlashgunga qadar davom etdi. 80-yil o‘rtalarida ularning ortida omadsiz munosabatlar yotardi: Vinodning ikki ajrashuvi, Rekxaning Amitabx Bachchan bilan muvaffaqiyatsiz muhabbati...

Aytishlaricha, Vinod va Rekxa turmush ham qurishgan, biroq aktyorning onasi bu kelinni qabul qilmagan. Vinod Rekxa bilan nikohini Movie Magazine jurnaliga tasdiqlab aytgan (1990 yil oktyabrda). Biroq 2004 yilda Simi Gareval bilan televizion intervyusida Rekxa Vinodga erga tekkanini inkor qilgan.

Uchinchi nikoh va...

Shundan so‘ng Vinod Kiran ismli qizga uylandi. Kiranning kinematografiyaga aloqasi yo‘q, u Keniyalik badavlat biznesmenning qizi edi.

Kiran 1988 yilda Vinodga erga tegdi va birga yashash uchun 1988 yilda Hindistonga ko‘chib o‘tdi. Ko‘p o‘tmay oilada qizaloq Soniya tug‘ildi. Nihoyat Vinod baxtga erishgan edi. Ming afsuski, ularning oilaviy farog‘ati bor-yo‘g‘i ikki yil davom etdi.

1990-yilning oktyabr oyida Vinod Mehra yurak xurujini boshdan kechirdi va qayta o‘nglanmadi. O‘shanda uning xotini yuragi ostida o‘g‘lini olib yurganini hali bilmasdi. Bola otasining o‘limidan 7 oy o‘tib tug‘ildi. Suyanchig‘idan judolik Kiranni g‘am-g‘ussaga tashladi. U bolalarini olib, Keniyaga, ota-onasining uyiga jo‘nab ketdi. Soniya va Roxan (o‘g‘ilga shunday ism qo‘yishdi) o‘sha yerda ulg‘ayib o‘qishdi.

Vinod Mehraning farzandlari 2006-yilda Hindistonga qaytishdi. Soniya «Viktoriya №203» filmida suratga tushdi (2007). Roxan Mehra esa o‘zining birinchi rolini Saif Ali Xon bilan «Birja»da ijro etdi (2018).

Xayr, orzular!

Vinod Mehra, ehtimol, o‘z davrida yulduzlar orasida juda mashhur bo‘lmagandir, ammo uning iste’dodi va sokin fe’l-atvori haqida hozirga qadar hurmat bilan tilga oladilar.

1980-yillar oxirida Rishi Kapur, Shri Devi va Anil Kapur ishtirokidagi «Qadrdon do‘stlar» filmini suratga olgan Vinod Mehra rejissyor va prodyuser bo‘lishga qaror qilgan edi. Afsuski, bu orzusi ushalmadi: 1990-yil 30-oktyabrda hayotdan erta ko‘z yumdi. U bor-yo‘g‘i 45 yoshda edi.

«Qadrdon do‘stlar» Vinod Mehraning vafotidan uch yil o‘tgach, katta ekranga chiqdi. U qisqa umri davomida kino muxlislariga shu kabi ko‘plab durdonalar taqdim etgan edi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring