Abdulla Oripovning qizi madhiyaga oid sirli voqeani aytib berdi
Bugun, 9 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida «Konstitutsiya va madhiya istiqlol hamda milliy g‘urur timsoli» mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda 10 dekabr — Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda AKT vaziri o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Muhammad Quronov, davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning farzandi, dotsent Shoira Oripova Konstitutsiya va davlat madhiyasi haqida so‘z yuritishdi.
Ma’ruzachilar davlat madhiyasi Konstitutsiyamizda xalqimizning boy tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgangani, uning har bir misrasida o‘ziga xos ramziy ma’no borligini ta’kidlashdi. Ayniqsa, suyukli shoirning qizi Shoira Oripovaning madhiya yozilishi bilan bog‘liq xotiralari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
— Otam Abdulla Oripov madhiyaning ikkita variantini ism-familiyalarini qo‘ymasdan, anonim tarzda tanlov komissiyasiga yuborgan, — deydi Shoira Oripova. — Qizig‘i, ana shu ikkita variant ham tanlovning keyingi bosqichiga chiqqan. Madhiyaga musiqani Mutal Burhonov bastalagan. Birinchilardan bo‘lib madhiyani uyimizda barrala kuylaganmiz. Qo‘shnilarimiz ham bizga xayrihoh bo‘lishganki, shovqin-suronga e’tibor berishmagan.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida TATU talabalari tomonidan tayyorlangan she’rlar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari tashkil etildi. Konstitutsiya kuni munosabati bilan universitetda tashkil qilingan ko‘rik-tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
Vazirlik vakillarining kitob va kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularni yangi nashr etilgan kitoblar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan kitob yarmarkasi tashkil qilindi.
Bu kabi tadbirlar AKT vazirligi tizimidagi korxona va tashkilotlarda davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter