Xonqada yashovchi fuqaro va uning 7 nafar oila a’zosida koronavirus aniqlandi
26-iyun holatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, nafaqat poytaxtimizda, balki boshqa hududlarda ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘payganining guvohi bo‘lish mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Kecha 250 holatda kasallik aniqlangan bo‘lib, shundan 25 nafari aholi orasida qayd etilgan. Buni hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Xorazm viloyatida 10 nafar, Toshkent shahrida 8 nafar, Toshkent viloyatida 5 nafar, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida esa 1 nafardan.
Jumladan, Toshkent viloyatida yashovchi A.Z.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), Qibray tumanida yashovchi S.A.da (tumandagi kolbasa sexi ishchisi), Parkent tumanida yashovchi G.M.da, ushbu tumanda yashovchi yana bir fuqaro J.T.da (har ikki holatda ham profilaktika maqsadida namuna topshirgan) va viloyatdagi “G‘ishtko‘prik” chegara posti navbatchi epidemiologi M.S.da kasallik aniqlangan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida Qozog‘iston Respublikasidan qaytgan F.M.da, Buxoro davlat universiteti magistri M.X.da (afg‘onistonlik), Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashovchi R.Yu. va uning 7 nafar oila a’zosida, Urganch tumanida yashovchi X.X.da, Xazorasp tumanida yashovchi M.R.da (bir necha kun davomida tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan) ham koronavirus tasdiqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi doimgidek aholini ogohlantirishda davom etadi.
Jumladan, aholini imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan tiyilishlarini, va albatta, ijtimoiy masofa saqlash, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqob taqish kabi karantin qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qolgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter