Verner Ber: «Hozir O‘zbekistonda kuzatayotganlarim Germaniyada 1-2 oy avval bo‘lgan vaziyatga o‘xshaydi»
Germaniyalik infeksionist olim, mikrobiolog, tibbiyot fanlari doktori Verner Ber «COVID-19» tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultant sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabida bo‘lib turibdi. Ber Germaniyaning mikrobiologik laboratoriyalarini akkreditatsiya qiluvchi organi (DAkkS)ning eksperti ham hisoblanadi. U mamlakatimizning turli hududlarida koronavirusga chalingan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishilmoqda. SSV matbuot xizmati bilan suhbatda nemis mutaxassisi O‘zbekistondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga baho berdi.
– Bir oy davomida yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni o‘rganish imkoningiz bo‘ldi. Uni qanday baholaysiz?
– Aslida bu mening O‘zbekistonga ikkinchi tashrifim. Birinchi marta may oyida kelgandim. O‘sha paytdagi va hozirgi vaziyatni taqqoslaydigan bo‘lsam, ayni vaqtda yangi kasallanish holatlarining qayd etilishi sezilarli darajada oshgan. Shuningdek, o‘z yurtim va O‘zbekistondagi holatni taqqoslash imkoniyatiga egaman. Germaniyada koronavirusning birinchi qayd etilishi sizning mamlakatingizga qaraganda olti hafta oldin boshlangan. Ya’ni, hozir O‘zbekistonda kuzatayotganlarim Germaniyada 1-2 oy avval bo‘lgan vaziyatga o‘xshaydi. Ushbu taqqoslash imkoniyatining o‘ziga xos afzalliklari va ijobiy tomonlari mavjud. Chunki men Germaniyada to‘plagan tajribamni ma’lum vaqt siljishi bilan mos ravishda O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lganimdan mamnunman.
– Germaniya va O‘zbekistonda odamlarning epidemiologik vaziyatni qabul qilishida farq kuzatdingizmi?
– Yo‘q, aksincha. Odamlarning xatti-harakatlarini tahlil qilsak, ular Germaniyadagiga juda o‘xshash. Ya’ni, dastlab odamlar virus xavfini jiddiy qabul qilishdi, tartib-intizomga qat’iy rioya etishdi. Ammo vaqt o‘tishi bilan fuqarolar bo‘shashdilar: oralaridagi ijtimoiy masofani saqlamay, niqoblarni to‘g‘ri taqmay qo‘yishdi. Men hozir huddi shunga o‘xshash vaziyatni bu yerda ham kuzatmoqdaman. Kuni kecha mehmonxona derazasidan shunday holatni kuzatdim: favvora yonida yoshlar niqobni to‘g‘ri taqmagan va ijtimoiy masofani saqlamagan holda dam olishyapti.
Afsuski, Germaniyada odamlar tartib-intizomga rioya qilishni unutgan o‘sha paytda virusning qayd etilishi ancha o‘sdi. Vaziyatdan foydalanib, yurtingiz aholisini ogohlikka chaqirmoqchiman. Agar orangizda shunday befarq odamlar ko‘payadigan bo‘lsa, 1-2 oy ichida kasallikni yangi yuqtirganlar soni keskin ortishi mumkin. Shuning uchun ham ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishlari zarurligini aytmoqchiman. Vaziyatni nazorat qilish odamlarning o‘z qo‘llarida.
– Turli hududlardagi bemorlarni davolash jarayonida ham bevosita ishtirok etyapsiz.
– Birmuncha muddat Samarqandda bo‘ldim. Toshkent shahridagi «COVID-19»ni davolashga ixtisoslashgan klinikalarda ham shifokorlarga o‘z fikrlarimni ma’lum qildim. Aytish lozimki, tibbiyot muassasalarida og‘ir holatdagi bemorlarni davolash uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Ammo, bu yangi virus va uni davolashda shifokorlarning tajribasi endi-endi oshib bormoqda. Bu yo‘nalishda xorijlik, virus ancha oldin tarqagan davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlik o‘z samarasini bermoqda.
Eng achinarlisi, odamlarning o‘z uylarida davolanishga intilishlari va qo‘llanishi kerak bo‘lmagan dori-darmonlarni qabul qilishlaridir. Natijada ular og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limlariga yotqizilishini kuzatdim.
– Ma’lumki, uyda davolanganlar asosan antibiotiklarni tartibsiz qabul qilgan. To‘g‘rimi?
– Ha, buning oqibatida klinikaga kelgan bunday bemorlarda o‘pka zararlanishi kuzatildi. O‘ylaymanki, buning yana bir sababi, antibiotiklardan hamma o‘zi bilganicha foydalanish imkoniyati mavjudligida. Dorixonalaringizda ularni bemalol sotib olish mumkin. Tabiiyki, ularni qabul qilish ketma-ketligi va kombinatsiyasi ham mutlaqo buzilgan. Masalan, Germaniyada, umuman Yevropada pnevmoniyaning u yoki bu shaklini davolash uchun shunga mos ko‘rsatmalar mavjud. Afsus bilan aytish lozimki, Yevropa davlatlarida qabul qilinadigan antibiotiklarning eng kuchlisi O‘zbekistonda deyarli birinchi navbatda qo‘llaniladi. Ya’ni, bu yerda davolanishni, ba’zida esa hatto profilaktikani ham deyarli rezerv antibiotiklardan boshlashadi.
— Koronavirus infeksiyasining yengil turida tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilmoqda. Bunday holda haroratni tushirishdan naf bormi?
– Isitma – tananing normal himoya reaksiyasidir. Agar isitmani tushirishga harakat qilsak, immun tizimini birmuncha zaiflashtirgan bo‘lamiz.
– Ushbu kasallikning organizm uchun asoratlarini ham kuzatgandirsiz?..
– Agar statistikaga qaraydigan bo‘lsak, koronavirus infeksiyasidan vafot etganlardan ko‘ra sog‘ayganlar soni ko‘proq ekanini ko‘ramiz. Ammo undan tuzalganlarning barchasi butunlay sog‘ib ketyapti, deya olmaymiz. Ba’zi odamlar virusni yengadi, lekin uning asoratlari qoladi. Masalan, ayrimlarida hid va ta’m bilish susayadi, buyrak xastaliklari paydo bo‘ladi, nevrologik muammolar, ya’ni xotira va konsentratsiyaning buzilishi kuzatiladi. Koronavirusning shu kabi insonning hayot tarzini biroz buzadigan turli xil asoratlari mavjud ekaniga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, kasallikdan keyin yoki terapiyadan so‘ng qandli diabet kasalligi bor odamlarda qand miqdorining oshib ketishi achinarli holdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter