Olimlar qaysi dorilar koronavirus yuqish xavfini kamaytirishini aniqlashdi
OIV bemorlari antiretrovirus terapiya (ART) paytida tenofovir va emtritsitabin preparatlar kombinatsiyasini qabul qilsa, COVID-19 kasalligiga kamroq moyil bo‘lishadi, deya xabar berdi Ispaniya sog‘liqni saqlash vazirligi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, OIV bemorlarining COVID-19 bilan kasallanib qolish xavfi umumiy aholiga nisbatan yuqori emas. Shu bilan birga, tenofovir/emtritsitabin (OIV-infeksiyasini davolash va oldini olishda qo‘llaniladigan ikkita antiretrovirus preparatlar kombinatsiyasi) dorilarini qabul qiladiganlar boshqa davo muolajalarini olayotgan bemorlarga qaraganda COVID-19 bilan kasallanib qolishga kamroq moyil bo‘lishadi.
Tadqiqot Ispaniyaning turli joylaridagi 60 ta klinikada o‘tkazildi, unda OIV tashxisi qo‘yilgan 77,5 ming bemor qatnashdi. Ulardan 236 nafarida COVID-19 aniqlandi, 151 nafari shifoxonaga yotqizildi, 15 nafari reanimatsiya bo‘limiga tushdi, 20 nafari vafot etdi.
Amerikaning «Annals of Internal Medicine» jurnalida chop etilgan maqola mualliflarining fikricha, COVID-19 ni davolashda turli antiretrovirus preparatlar samaradorligini tasdiqlash uchun qo‘shimcha tahlillar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
«Ushbu ma’lumotlarning tasdiqlanishi sanitariya xodimlari va kasallikka moyil insonlarga virus yuqishining oldini olishda katta natija bo‘ladi», — deyishmoqda mutaxassislar.
Hozirda Ispaniyada turli klinik tajribalar o‘tkazilmoqda. Asosiy maqsad — tibbiyot xodimlari orasida COVID tarqalish xavfini baholash. Bu Yevropada o‘tkazilayotgan eng katta tadqiqotlardan biridir. U 14 ta mustaqil uyushmaga qarashli 67 ta shifoxonada olib borilmoqda, unda to‘rt ming kishi ishtirok etyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter