Toshkentda chaqaloq koronavirusdan tuzaldi
Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan yana 17 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar sog‘ayib Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, sog‘aygan bemorlarning barchasi Toshkent shahridan. Ulardan 16 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. 1 nafari Londondan Toshkentga kelgan. Bemorlardan 4 nafari erkak, 13 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 69 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2020-yil tug‘ilgan (onasi bilan birga reabilitatsiyaga kuzatildi). Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.
– Klinikamiz xodimlarining birdamligi, mahorati va tajribasi bemorlarmizning sog‘ayishida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda, – deydi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova. – Xalqaro standartlar asosida davolash muolajalarini olib borish uchun tibbiyot muassasamizda barcha sharoitlar yaratilgan. Sa’y-harakatlarimiz natijada bugun ham navbatdagi 17 nafar bemor butkul sog‘ayib chiqishdi. Malakali shifokorlarimiz jonkuyarligi tufayli ushbu ko‘rsatkichlar kundan kun oshib borishiga ishonchim komil.
Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 424 nafarni tashkil etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter