Sirdaryodagi shubhali dafn marosimi videosi tarqaldi. Hokimlik holatga izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida shubhali dafn marosimi uyushtirilgani tasvirlangan video tarqaldi. Ushbu holatga tuman hokimligi munosabat bildirdi.
«Mirzaobod tumanida istiqomat qilgan E.O‘. ismli fuqaro, joriy yilning 13-iyul kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam Sirdaryo viloyat filialiga noma’lum isitma tashxisi bilan tushgan.
14-iyul kuni kechasi yurak ishemik kasalligi gipertoniya kasalligi xuruji oqibatida vafot etgan.
Sirdaryo viloyati yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, viloyat SEOM epidemiologlari va boshqa taaluqli mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, labarotoriya tekshiruvlari mavjud bo‘lmasada koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan degan taxminiy tashxis qo‘yilgan.
Tuman aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va ko‘payishining oldini olish maqsadida viloyat mutaxassislari tavsiyasiga ko‘ra vafot etgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 28 mart kuni tasdiqlangan «Koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadini dafn etish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vaqtinchalik qoidalar to‘g‘risida»gi buyrug‘i asosida dafn qilish ishlari amalga oshirildi.
Mayitni dafnga tayyorlash va dezinfeksiya ishlarini o‘tkazish musulmonchilik qoidalari asosida Shoshilinch tibbiy yordam markazida amalga oshirildi.
Dafn marosimida ishtirok etgan marhumning 10 nafar qarindoshlari, SEOM mutaxassislari, mahalla raisi va huquq tartibot organi vakillari xavfsizlik nuqtai nazaridan himoya vositalari bilan ta’minlandilar.
Dafn marosimi diniy idora vakillari ishtirokida musulmonchilik qonun-qoidalari asosida 2020-yil 15-iyul kuni o‘tkazilgan», deyiladi munosabatda.
Ushbu dafn marosimining shubhali deb tarqatilishiga sabab, Mirzaobodda koronavirusdan o‘lim holati rasman qayd etilmagan edi.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi 18-iyulda ilk bor Sirdaryoda koronavirusdan o‘lim holatini qayd etdi.
Undan avvalroq Guliston shahrida yashovchi fuqaro Toshkent shahridagi shifoxonada vafot etgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter