Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lanadi
Joriy yilning 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-4695-sonli qarori qabul qilindi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, qarorda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlarining:
- lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdori tegishincha 15 foizdan;
- 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshiriladi;
- mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyenti 5 foizga oshirgan holda qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Moddiy rag‘batlantirish choralari 2020-yilning 16-martidan boshlab, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlari rasman to‘xtatiladigan oy yakuniga qadar amal qiladi.
Shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda Agentlik va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlari uchun oylik lavozim maoshiga nisbatan 6 foiz miqdorida kunlik qo‘shimcha to‘lov, shuningdek, qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa ustamalarni olish huquqi saqlanib qoladi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatida unumdorlikka erishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy boshqarmalaridan 913 ta shtat birligi Agentlik ixtiyoriga o‘tkaziladi.
Shuningdek, Agentlikning markaziy apparatida Moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish boshqarmasi tashkil etildi.
Qaror bilan Bosh davlat sanitariya vrachlariga karantin davrida, davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va boshqa xodimlarini jalb qilgan holda epidemiyaga qarshi vaqtinchalik otryadlarni tashkil etish huquqi beriladi.
Karantin davrida vaqtinchalik otryadlar tarkibiga jalb etilgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining asosiy ish joyidagi mehnatga haq to‘lash tartibi, shartlari va miqdorlari saqlanib qoladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter