Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qo‘rqinchli London»: rus oligarxlari yoppasiga qochishyapti

«Qo‘rqinchli London»: rus oligarxlari yoppasiga qochishyapti

Foto: «Argumenti.ru»

Buyuk Britaniyada koronavirus 10 ming kishining boshiga yetdi. Britaniya hukumatining Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ilmiy-maslahat guruhida ish olib borayotgan katta maslahatchisi ser Jeremi Farrarning aytishicha, tez orada mamlakatdagi vaziyat Yevropada eng yomoniga aylanishi mumkin. Shunchalikki, «Argumenti.ru» yozishicha, Londonda yashab kelgan ko‘plab rossiyalik oligarxlar iloji boricha tezroq bu yerdan juftakni rostlab qolishga harakat qilishyapti.

Pandemiya Tumanli Albionga ancha chuqur kirib bordi. Hatto yaqinda kasalxonadan javob tekkan bosh vazir Boris Jonsonning o‘zi 48 soat mobaynida unga ikki dunyo bir bo‘lib qolganiga iqror bo‘ldi. Ikki hamshiraning Jonsonni tinmay kislorod bilan ta’minlab turishigina uni oyoqqa turg‘azdi.

Ammo Jonson — hukumat rahbari, epidemiya payti sanoqlilargina bunday imtiyozdan umid qila oladi. Pul ham yordam bermaydi — pandemiya davrida mamlakatda barcha pulli tibbiy xizmatlar bekor qilingan.

Bu aslo mubolag‘a emas. Britan nashrlari kerakli tibbiy yordam ololmay, uyida qiynalib jon berganlar to‘g‘risidagi xabarlar bilan to‘lib-toshmoqda. Shunday pallalarda serhasham hayotga o‘rganib qolgan oligarxlarga sichqonning ini ming tanga bo‘lib qolgan va ko‘zlariga jondek aziz ko‘rinayotgan vatanlariga oshiqishmoqda.

Koronavirusning o‘zidan ham ko‘ra, uning vahimasi ichida yashash ko‘plarga vahimali tuyulyapti.

Shuning uchun ham, Rossiya chegarasidayoq hibsga olinishi mumkin bo‘lganlaridan tashqari, barcha rus boylari bir ilojisini qilib qochib qolish payiga tushishgan. Biroq Britaniyadan qochish hozir osonmas — aeroportlar yopilgan. Aytishlaricha, rus boylaridan biri mustaqil hayotga uchirma qilgan farzandlarini bir joyga to‘plash uchun butun boshli operatsiyani uddalabdi. Ko‘z ochib-yumguncha barcha oila a’zolarini kichkina tashlandiq aeroportning uchish maydonchasiga yig‘ib, kichik shaxsiy samolyotda amallab Rossiyaga uchib ketgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring